Yevropa klublar ittifoqi (UEC) Yevropa futbolidagi hukmronlikka qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqdi. Tashkilot UEFA hamda Yevropa futbol klublari (EFC) tashkilotining qit'adagi mutlaq hukmronligidan norozilik bildirib, Yevropa komissiyasiga rasmiy shikoyat kiritdi. Dushanba kuni Yevropa komissiyasiga taqdim etilgan ushbu shikoyatda UEC va UEFA o'rtasidagi o'zaro anglashuv memorandumiga e'tiroz bildirilgan. 2033-yil iyuligacha amal qiladigan mazkur kelishuvga ko'ra, EFC Yevropa klublarini ifkoda etuvchi «yagona organ» maqomiga ega. Uch yil muqaddam asos solingan va 25 ta milliy assosiasiyadan 138 ta a'zoni o'z ichiga olgan UEC esa elita klublarining ta'sirini kamaytirish hamda boshqa jamoalarga ham so'z huquqini berish uchun harakat qilmoqda. Tashkilot fikricha, yetakchi klublarning tor doirasi Chempionlar ligasi va Yevropa ligasi kabi nufuzli musobaqalarga kirish imkoniyatlari ham shu jumladan, boshqa jamoalarning taqdiriga hal qiluvchi ta'sir ko'rsatmoqda. Shikoyatning asosiy ustuni sifatida mazkur memorandum Yevropa Ittifoqi shartnomasining raqobatga qarshi kelishuvlarni taqiqlovchi 101-moddasi va ustun mavqeni suiiste'mol qilishni taqiqlovchi 102-moddasini buzishi ko'rsatib o'tilgan. Mavjud holatga ko'ra, agar EFC va UEFA ruxsat bermasa, biron bir klub boshqa transchegaraviy klublar assosiasiyasiga qo'shila olmaydi. Hatto EFC o'z a'zolaridan biriga, agar u bir vaqtning o'zida UEC safida ham qolishni istasa, uning a'zoligi tugatilishini ma'lum qilgani aytilmoqda. Shikoyatda keltirilishicha, UEC a'zosi bo'lgan 59 ta klub bosim o'tkazilishidan xavotirlanib, o'zlarining a'zolik maqomi oshkor etilmasligini so'ragan. UEC so'nggi yillardagi sa'y-harakatlar evaziga a'zolari soni 1000 taga yaqinlashib qolgan EFC mutlaq mandatga ega bo'lmasligi kerakligini ta'kidlaydi. Zagrebning «Lokomotiva» klubi rahbari va UEC bosh kotibi Dennis Gudasik shunday dedi: «Savol juda oddiy: har bir klub kelajagini shakllantiruvchi qoidalarni kim belgilaydi? Bugungi kunda bitta assosiasiya Yevropaning barcha klublari uchun bu vakolatga ega, aksariyat jamoalarning esa bunda hech qanday samarali ovozi yo'q. Biz komissiyadan bu holat Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga mos kelish-kelmasligini o'rganib chiqishni so'raymiz». FIFAning boshqaruv va tahlil qo'mitasining sobiq rahbari Migel Maduro ham ushbu jarayonda UECga maslahat bergan. Uning ta'kidlashicha, mazkur ish haqiqatan ham ochiq va muvozanatli musobaqalar modelini himoya qilishga qaratilgan. Elita klublariga daromadlarni taqsimlash va kimlar qatnashishini hal qilish huquqining berilishi milliy hamda Yevropa futbolidagi raqobatni izdan chiqarmoqda. So'nggi 18 oy davomida UEC futbol gigantlari soyasida qolayotgan jamoalarga moliyaviy oqimni yaxshilash bo'yicha bir qator takliflarni ilgari surgan edi. Jumladan, futbolchilar akademiyasini rivojlantirgan jamoalarga klublar musobaqalari daromadining yana 5 foizini qayta taqsimlash mexanizmi taklif qilingandi. Biroq bu takliflarning birortasi ham yetakchi kuchlar tomonidan jiddiy muhokama qilinmadi. Yevropa komissiyasi UEC talab qilayotgan tekshiruvni boshlash yoki boshlamaslik borasida qaror qabul qilish uchun kamida to'rt oy vaqt sarflashi mumkin. UEC agar ko'tarilgan muammolar majburiy kelishuv asosida hal qilinsa, shikoyatni qaytarib olishga tayyorligi bildirilmoqda.