«Chelsi» bosh murabbiyi Xabi Alonso jamoaning o'yin uslubi uning futbolchilik davridagi falsafasidan farq qilishini ta'kidladi. Mutaxassis Bavariyada Pep Gvardiola qo'l ostida to'p surgan va maydon markazini nazorat qilish qanchalik muhimligini yaxshi biladi. Biroq joriy mavsumda «Chelsi»ning to'pga egalik qilish ko'rsatkichi 47,8 foizni tashkil etmoqda va jamoa asosan qarshi hujumlarda xavfli ko'rinmoqda. Alonso hali to'laqonli va mukammal o'yin namoyish etgan jamoani ko'rmaganini va markazda muammolar saqlanib qolayotganini tan oldi. Xususan, Ris Jeyms sentabr oyidan buyon tizzasidagi jarohat sababli safdan chiqqan bo'lsa, qator jarohatlar jamoaning barqarorligiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Yakshanba kuni «Sanderlend»ga qarshi safar uchrashuvi oldidan Moyses Kaysedoning holati ham murabbiylik shtabini xavotirga solmoqda. Ekvadorlik yarim himoyachi o'tgan haftada o'zini noqulay his qilgani sababli to'liq mashg'ulot o'tkazmagan. Agar Kaysedo maydonga tusha olmasa, Alonso tarkibda yana majburiy o'zgarishlarga qo'l urishiga to'g'ri keladi. Shuningdek, hujumchi Joau Pedro son qismidan, markaziy himoyachi Maksens Lakrua esa tizzasidan jarohat olgan. Kaysedoning yo'qligida tajribali Jordan Xenderson asosiy da'vogar sifatida ko'rilmoqda. Shu bilan birga, Romio Lavianing jismoniy holati va uning maydondagi nafisligi Alonso tizimi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Lavianing salohiyatiga shubha yo'q, biroq uning tez-tez jarohat olishi jamoaga qiyinchilik tug'dirmoqda. Laviya o'tgan hafta «Manchester Yunayted»ga qarshi o'yinda (2:0) Kaysedo bilan birga ajoyib harakat qilib, to'liq 90 daqiqa o'ynadi. Alonso futbolchi jismoniy tayyorgarligida o'zgarishlar qilganini ta'kidlab, uning jamoa uchun miya vazifasini bajarayotganini qayd etdi. Laviya to'p bilan yaxshi harakat qilib, sheriklariga balans bermoqda. Shunga qaramay, «Chelsi»ga bunday ijrochilar yetarli emas. Xabi Alonso Leverkuzenning «Bayer»i bilan 2024-yilda Bundesligada zafar quchganda Granit Jaka markazda barcha bo'laklarni birlashtiruvchi asosiy figura bo'lgandi. Alonso yozgi transfer oynasida ham Jakani o'z safiga qo'shib olishga urinib ko'rgani bejiz emas edi. «Chelsi» hozircha yozda «Strasburg»dan kelgan Valentin Barkoga to'liq ishonch bildirmagani ko'rinib turibdi. Enzo Fernandesning 125 million funt sterling evaziga «Manchester Siti»ga sotib yuborilishidan keyin yarim himoya chizig'i to'liq shakllanmagani sezilmoqda. Transfer oynasida Monakodan Lamin Kamara bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan, shuningdek, «Bornmut» o'z yarim himoyachisi Aleks Skottni sotishni istamagan. Klub rahbariyati va murabbiylar shtabi yanvar oyida bu masalaga yana qaytishni rejalashtirmoqda. «Kristal Pelas»dan Adam Uortonga ham qiziqish bildirayotgan «Chelsi» Aleks Skott uchun kurashda «Liverpul»dan oldinda ekani aytilmoqda. Xabi Alonso jamoada barqarorlikka erishish uchun yanvar oyida yarim himoya chizig'ini yanada kuchaytirishi zarur.