«Vest Xem Yunayted» Chempionshipdagi qoniqarsiz natijalardan so'ng bosh murabbiy Nuno Espirito Santo bilan xayrlashdi. 52 yoshli mutaxassis London klubini 2025 yilning sentyabridan buyon boshqarib kelayotgandi va uning qo'l ostida jamoa o'tgan mavsumda Premyer-ligadan tushib ketgandi. Mavsum boshida darhol yuqori divizionga qaytish uchun asosiy da'vogar sifatida ko'rilgan «Vest Xem» hozirda turnir jadvalida sakkizinchi o'rinni egallab turibdi. Jamoa peshqadam «Midlsbro»dan olti ochko ortda qolmoqda. So'nggi olti o'yinda atigi ikki marta g'alaba qozongan London klubi o'z maydonida ketma-ket mag'lubiyatlarga uchradi. Dastlab jamoa «Sautgempton»ga 3:2, shanba kuni esa «Vest Bromvich»ga 3:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bosh murabbiy bilan birga yordamchi Rui Pedru Silva va darvozabonlar murabbiyi Rui Barbosa ham klubni tark etdi. Klub rasmiy bayonotiga ko'ra, Chempionshipdagi start har tomonlama chuqur tahlil qilingach, jamoaning oldiga qo'yilgan maqsadlarga erishish uchun ushbu o'zgarish zarur deb topilgan. Rahbariyat murabbiylar shtabiga qilgan mehnati uchun minnatdorchilik bildirgan. «Vest Xem»ning yangi bosh murabbiyini qidirish jarayoni allaqachon boshlab yuborilgan. Chorshanba kuni safarda «Kardiff Siti»ga qarshi kechadigan uchrashuvda jamoani vaqtincha Mark Nobl, Stiv Potts hamda Jerard Prendervill boshqarib boradi.
«Vest Xem» bosh murabbiy Nuno Espirito Santoni iste'foga chiqardi

Chempionshipda omadsiz harakat qilayotgan «Vest Xem» bosh murabbiy Nuno Espirito Santoni lavozimidan ozod qildi. Shanba kuni o'z uyida «Vest Bromvich»dan uchralgan mag'lubiyat klub rahbariyatining sabrini tugatdi. Jamoani vaqtincha Mark Nobl, Stiv Potts va Jerard Prendervill boshqarib turadi.
Manba: BBC Sport