Dunyoning eng yaxshi darvozaboni deb topilib, Lev Yashin sovrinini qo'lga kiritgan Unai Simon o'zining ajoyib haftasini "San Mames" stadionida o'tkazilgan Basklar derbisidagi qahramonliklari bilan davom ettirdi. "Atletik" va "Real Sosedad" jamoalari o'rtasidagi murosasiz kechgan bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Ushbu uchrashuvda Inyaki Uilyams hamda Aleks Berenguer o'z nomlarini tablolarga yozdirib qo'ygan bo'lsa-da, uchrashuv qahramoni darvozabon Unai Simon bo'ldi. O'yinning 72-daqiqasida Karlos Solerning yaqin masofadan yo'llagan zarbasini ajoyib tarzda qaytargan Simon butun stadionni oyoqqa turg'azdi. 50 mingdan ortiq tomoshabin darvozabonning bu seyvidan so'ng qarsaklar chalishni boshladi va bu olqishlar bir daqiqadan ko'proq davom etdi. Bu holat o'yinning o'ta qizg'in pallaida sodir bo'lib, muxlislar va futbolchi o'rtasidagi o'ziga xos bog'liqlikni namoyish etdi. Birinchi bo'limning o'zidayoq Luka Sutchishning goliga javoban Simon Ander Barrenetxea, Luka Sutchish hamda Mikel Oyarsabalning xavfli zarbalarini bartaraf etdi. Shuningdek, u o'z jarima maydonchasi yaqinida Oyarsabalni aldab o'tib, muxlislarga hayajonli lahzalarni taqdim etdi. O'yin yakunida "Atletik" murabbiyi Edin Terzich matbuot anjumanida Simon haqida fikr bildirar ekan, uning dunyodagi eng yaxshi darvozabon ekanini ta'kidladi. Ma'lumot uchun, Unai Simon Londonda bo'lib o'tgan marosimda Lev Yashin sovrinini qo'lga kiritgan edi. U o'zining minnatdorchilik nutqida o'sishida yordam bergan oilasi, do'stlari va murabbiylariga alohida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, u "Atletik" safidagi o'zining qiyin boshlangan damlarini va jamoa bilan erishgan yutuqlarini esga oldi. Bu safargi Basklar derbisi o'ziga xos tarixiy sana bilan ham ahamiyatli bo'ldi. 1976-yildagi ramziy voqeaning 50 yilligi nishonlanib, afsonaviy sardorlar Inaxio Kortabarritya va Xose Anxel Iribar maydonga tushishdi. Simon ham o'yin oldidan raqib jamoadoshlari va hakamlar tomonidan faxriy yo'lakcha orqali kutib olindi. "Real Sosedad" futbolchilari ham, murabbiylar ham Unai Simonning darvozabonlik mahoratiga yuqori baho berdilar. Ispaniyalik posbon o'zining navbatdagi ishonchli o'yini evaziga "Atletik"ning qiyin g'alabasini ta'minlab, jamoaning La Ligadagi muvaffaqiyatli yurishiga ulkan hissa qo'shdi.