Angliya matbuotida tarqalgan xabarlarga ko'ra, «Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri yaqin vaqt ichida klub bilan yangi shartnoma imzolashi kutilmoqda. Tomonlar o'rtasida yangi kelishuv bo'yicha muzokaralar jadal davom etmoqda. Mutaxassisning nomi avvalroq «Manchester Yunayted» bilan bog'langaniga qaramagm, u Birmingem klubida o'z ishini davom ettirishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, «Liverpul» yarim himoyachisi Trey Nyoni klubda qolishi kutilmoqda. Yozgi transferlar vaqtida «Nottingem Forest» ingliz futbolchisi uchun 30 million funt sterling taklif qilgan bo'lsa-da, «merisaydliklar» bu taklifni rad etishgandi. Endilikda 19 yoshli yulduzchaga yangi shartnoma taqdim etilishi rejalashtirilgan. Transfer bozoridagi yana bir qiziqarli xabar «Lids Yunayted»ga tegishli. Klub yanvar oyida «Liverpul» yarim himoyachisi Harvey Elliottni o'z safiga qo'shib olishi mumkin. Hozirda Valensiyadagi ijara muddati muddatidan oldin yakunlanishi kutilayotgan 23 yoshli futbolchi uchun «Lids» to'g'ridan-to'g'ri transfer bo'yicha harakat qilishi kutilmoqda. «Everton» esa hujum chizig'ini kuchaytirish maqsadida «Palmeyras» hujumchisi Vitor Rokeni kuzatmoqda. 21 yoshli braziliyalik futbolchining transfer narxi taxminan 42 million funt sterling etib belgilanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, «Manchester Yunayted», «Arsenal» va «Chelsi» klublari «Galatasaroy»ning 21 yoshli rossiyalik yarim himoyachisi Aleksey Batrakovni diqqat bilan kuzatib borishmoqda. «Komo» himoyachisi Jakobo Ramon ham «Manchester Yunayted» e'tiborida, biroq bu kurashda «Chelsi» ham jiddiy raqobat qilishga tayyor. Murabbiylar bozorida ham o'zgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Sobiq «Liverpul» va «Chelsi» ustozi Rafa Benites Premyer-ligaga qaytib, yana murabbiylik faoliyatini boshlash istagida ekanini bildirgan. «Liverpul» darvozaboni Alisson Bekkerga esa «Flamengo» tomonidan qiziqish bildirilmoqda. 34 yoshli braziliyalik darvozabonning shartnomasi kelasi yilning iyun oyida o'z nihoyasiga etadi. «Barselona» «Inter» himoyachisi Federiko Dimarkoni o'z safiga qo'shib olish ehtimoli past baholanmoqda, chunki italiyalik futbolchining shartnomasidagi bandga ko'ra uning kelishuvi yana bir yilga uzaytirilgan. Shuningdek, «Nyukasl» futbolchilari bosh murabbiy Mattias Yaisslening talab va uslublarini to'liq tushunmayotgani haqida matbuotda xabarlar tarqaldi.