«Arsenal» yetakchisi Bukayo Sakaning futbol maydonidagi yorqin o'yinlaridan tashqari, uning insonparvarlik yo'lidagi ishlari ham jamoatchilik e'tiborini tortib kelmoqda. Uning BigShoe nodavlat tashkiloti bilan hamkorligi va ijtimoiy mas'uliyati nufuzli Sócrates mukofoti bilan taqdirlandi. Frankfurtda joylashgan va dunyo bo'ylab 10 000 dan ortiq bolalarga yordam bergan ushbu tashkilot rahbari Valeri Fisser futbolchi bilan ilk aloqa qanday boshlanganini esladi. Fisserning so'zlariga ko'ra, 2022 yilda Saka kutilmaganda unga xat yozib, Nigeriyadagi loyihani qo'llab-quvvatlash istagini bildirgan. Avvaliga bu haqiqatan ham Bukayo ekaniga ishonmagan Fisser, uning doimo boshqalarga qanday yordam berish mumkinligi haqida o'ylashini ta'kidlaydi. O'tgan oy Londonda bo'lib o'tgan «Oltin to'p» marosimida Saka Sócrates mukofotini qabul qilib olayotganda, unga Ruandadan Byiringiro ismli 14 yoshli bola tomonidan minnatdorchilik maktubi o'qib eshittirildi. Ushbu bola BigShoe tashkiloti ko'magida operatsiya qilinib, o'z ko'rish qobiliyatini tiklab olgan edi. Saka bu xayriya tashkiloti haqida ilk bor «Real Madrid» himoyachisi Antonio Ryudigerdan eshitgan. Antonio unga Afrikadagi xayriya ishlari haqida gapirib berganidan so'ng, Bukayo ham bu ishga qo'shilishga qaror qilgan. Fisserning ta'kidlashicha, Saka shunchaki homiy emas, balki BigShoe jamoasining haqiqiy a'zosidek harakat qiladi. U Nigeriyada 150 ta jarrohlik amaliyoti o'tkazilayotganda tez-tez xabar yuborib, bolalarning ahvoli va xavfsizligi bilan qiziqib turgan. BigShoe tashkiloti 2006 yilgi Jahon chempionatidan keyin to'rt nafar do'st tomonidan tashkil etilgan. Uning Ruanda va Nigeriyadagi so'nggi loyihalari doirasida 3 000 ga yaqin odam ko'z ko'rigidan o'tkazilib, keraklilariga ko'zoynaklar tarqatildi. Shuningdek, tashkilot Ruandadagi maktabni ta'mirlab, toza ichimlik suvi tizimini o'rnatdi, kutubxona qurdi hamda qizlar uchun alohida sharoitlar yaratdi. Saka o'zining tig'iz o'yin jadvali sababli hali mazkur loyiha joylariga shaxsan bora olmagan bo'lsa-da, uning oilasi Ruandada bo'lib qaytdi. Futbolchi Marokash va Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish loyihalarini ham moliyaviy qo'llab-quvvatladi. Fisserning so'zlariga ko'ra, Sakaning onasi Adenike o'glining xayriya ishlarida asosiy harakatlantiruvchi kuch bo'lib, ular kelgusida Nigeriyadagi oilalarga tibbiy sug'urta taqdim etish va Ruandadagi bolalarga bayram paketlarini tarqatishni rejalashtirmoqda.
«U insonlar hayotini o'zgartirmoqchi»: Bukayo Sakaning Sócrates mukofoti ortidagi xayriya ishlari tarixi

«Arsenal» hujumchisi Bukayo Saka o'zining ijtimoiy faolligi va xayriya ishlari uchun nufuzli Sócrates mukofotiga sazovor bo'ldi. U Frankfurtda joylashgan BigShoe nodavlat tashkiloti orqali dunyo bo'ylab minglab bolalarga yordam ko'rsatib kelmoqda. Futbolchining onasi Adenike ham bu ezgu ishlarda asosiy ilhomlantiruvchi kuchlardan biri hisoblanadi.
Manba: The Guardian