Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel Millatlar ligasida zafar quchish jamoa uchun kelasi yillarda bo'lib o'tadigan Yevro-2028 musobaqasiga tayyorgarlik ko'rish yo'lidagi eng muhim qadam bo'lishini ta'kidladi. Mutaxassis bu haqda Ispaniya terma jamoasiga qarshi Metropolitano stadionida kechgan bahsdan so'ng aytib o'tdi. Ushbu uchrashuvda inglizlar jahon chempionlarini 3:2 hisobida taslim etib, guruhda birinchi o'rinni egalladi va Millatlar ligasining chorak final qur'asiga yuqori savatdan joy oladigan bo'ldi. Eslatib o'tamiz, Angliya o'z tarixida ilk bor o'z uyida Yevropa chempionatiga mezbonlik qiladi va Tuxel bu turnirga Millatlar ligasi g'olibi maqomida borishni istamoqda. «Bu men va biz uchun juda muhim», — dedi bosh murabbiy Millatlar ligasining ahamiyati haqida gapirar ekan. U o'tgan yili Portugaliya terma jamoasining ushbu musobadagi g'alabasidan so'ng yuzaga kelgan xursandchiliklarni eslab, yuqori saviyadagi o'yinlar jamoaga o'z imkoniyatlarini baholash va taktik jihatdan o'sishga yordam berishini ta'kidladi. «Biz eng yuqori darajadagi o'yinlarda maydonga tushib, o'zimizni ko'rsatishni, ishonch orttirishni va qayerdaligimizni tushunishni xohlaymiz. Millatlar ligasi buning uchun mukammal musobaqa. Biz bu yerda g'alaba qozonishni maqsad qilganmiz, biroq avvaliga chorak final to'sig'idan o'tishimiz kerak», — deya qo'shimcha qildi germaniyalik mutaxassis. Jamoaning markaziy himoyachisi Ezri Konsa ham bosh murabbiyning fikrlarini qo'llab-quvvatlab, musobaqa kubogini qo'lga kiritish jamoaga ulkan ruhiy turtki berishini qayd etdi. O'yinning borishiga to'xtaladigan bo'lsak, Angliya Ispaniyaga qarshi bahsda 3:0 hisobida oldinga chiqib olgan edi. Biroq uchrashuvning 63-daqiqasida Elliot Anderson o'z jarima maydonchasi ichida qoidani buzgani uchun qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi va ispanlar penaltini aniq amalga oshirdi. Shundan so'ng Mikel Oyarzabal hisobni qisqartirdi va o'yin yakuni inglizlar uchun juda qiyin kechdi. Shunga qaramay, 10 kishi bo'lib qolgan Angliya terma jamoasi raqibning tinimsiz hujumlari va jarima maydonchasiga yo'llagan uzatmalariga munosib qarshilik ko'rsatib, g'alabani saqlab qoldi. Konsa o'yinning oxirgi daqiqalari qiyin kechganini, ammo jamoa bu sinovdan muvaffaqiyatli o'tganini e'tirof etdi. Tuxel Ispaniyaga qarshi ko'rsatilgan o'yin haqida gapirar ekan, jamoa Jahon chempionatidan keyin yana bir muhim qadam tashlaganini va bu g'alaba jiddiy bayonot bo'lganini faxr bilan ta'kidladi. Uning fikricha, o'yindan-o'yinga jamoaning harakatlari yaxshilanib bormoqda va kelasi yil mart oyida bo'lib o'tadigan chorak final o'yinlariga jamoa katta ishonch bilan yetib boradi.