Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel Yevro-2028 turnirigacha o'z lavozimini tark etmasligini qat'iy ta'kidladi. U o'z shartnomasini uzaytirgan vaqtda shartnomaga hech qanday erkin agentlik yoki muddatidan oldin ketish bandini kiritmaganini ma'lum qildi. Bu esa Angliya futbol assotsiatsiyasini yirik klublardan kelishi mumkin bo'lgan qiziqishlar sababli xavotirga solmasligi kerakligini anglatadi. Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, uning oldida bajarilmagan rejalar va hal qilinishi lozim bo'lgan maqsadlar turibdi. Tuxel shartnomada ko'zda tutilgan muddat oxirigacha, jumladan Yevropa chempionatigacha jamoada qolish niyatida ekanini va ketish niyati yo'qligini ochiq aytdi. 2021 yilda «Chelsi» bilan Chempionlar ligasida g'alaba qozongan murabbiy kelgusida klublar boshqaruviga qaytish ehtimolini ham butunlay istisno etmadi. U yillik 50 ta o'yindan iborat qizg'in klub jarayonini, hususan o'yin oldidagi hayajonli daqiqalarni sog'inishini tan oldi. Shunga qaramay, milliy jamoadagi faoliyatidan mamnunligini va futbolchilar hamda shtab bilan o'rnatilgan o'zaro ishonch muhiti muhimligini ta'kidladi. Assotsiatsiya rahbariyati tomonidan bildirilgan qo'llab-quvvatlash unga qo'shimcha kuch bag'ishlaganini qayd etdi. Angliya terma jamoasi oldida hozirda Millatlar ligasi bahslari turibdi. Payshanba oqshomida jamoa o'z maydonida Xorvatiya terma jamoasini qabul qiladi. Ushbu uchrashuvda jamoa sardori Harri Keyn o'zining navbatdagi rekordini o'rnatishi kutilmoqda. Shuningdek, murabbiy tarkibdagi ayrim jarohatlar va diskvalifikatsiya xavfi bor futbolchilarning holatiga e'tibor qaratmoqda. Xususan, Mark Gehi safdan chiqqani sababli markaziy himoya chizig'ida o'zgarishlar bo'lishi kutilmoqda. Dan Bern va Jarell Kuanza kabi futbolchilar asosiy tarkibda maydonga tushish uchun nomzod sifatida qaralmoqda. Tuxel jamoaning o'yin uslubini bosqichma-bosqich kuchaytirib borayotganini va yosh iqtidorlarni ham jalb etishda davom etishini bildirdi.