Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuchel Ispaniyaga qarshi bo'ladigan uchrashuv oldidan o'z futbolchilariga irqchilikka qarshi protokollar haqida eslatib o'tishini ma'lum qildi. Mazkur bahs Angliya termasining 2004 yildan buyon Madrid shahrida o'tkazadigan ilk o'yini bo'lib tarixga kiradi. Eslatib o'tamiz, oshsha yili "Santyago Bernabeu" stadionida bo'lib o'tgan o'yinda ispaniyalik muxlislar ingliz jamoasining qora tanli futbolchilariga nisbatan irqchilik harakatlarini amalga oshirib, bayramni buzib yuborgandi. O'sha mashum voqeadan so'ng Angliya terma jamoasi Ispaniyada uchta o'yin o'tkazgan bo'lsa-da, 2009 yildagi bahsni Madridda o'tkazishdan qat'iy bosh tortib, uchrashuvni Seviliyaga ko'chirtirgandi. Keyingi ikkita o'yin 2015 yilda Alikanteda va 2018 yilda yana Seviliyada bo'lib o'tgan hamda ularda hech qanday tartibsizliklar kuzatilmagandi. 2004 yilgi o'yindan keyin Ispaniya futbol federatsiyasi EShli Koul, Rio Ferdinand, Shon Rayt-Fillips, Jermeyn Jenas va Jermeyn Defo kabi futbolchilar haqorat qilingani uchun 44 750 funt sterling miqdorida jarimaga tortilgandi. Bu safargi Millatlar ligasi uchrashuvi esa Madridning boshqa yirik arenasida – "Metropolitano" stadionida bo'lib o'tadi. Shuningdek, Ispaniya terma jamoasi o'tgan oyda Barselonada Misrga qarshi kechgan o'yinda muxlislar musulmonlar haqida kamsituvchi qo'shiqlar kuylagani uchun 15 000 funt sterling miqdorida jarimaga tortilgan va keyingi o'rtoqlik o'yinini stadionning muayyan qismini yopgan holda o'tkazishga majbur bo'lgandi. Tomas Tuchel bu borada to'xtalib shunday dedi: "Biz o'tgan yilning sentyabr oyida Belgradda Serbiyaga qarshi o'yin oldidan ham shunday muhokama o'tkazgandik. Amaldagi protokol mavjud. Agar Madridda biron bir noxush holat takrorlansa, futbolchilarni xabardor qilish uchun besh daqiqa ajratishimiz mumkin. Futbolchilar bu protokolni bilishlari muhim. Agar shunday holatlar yuz bersa, biz o'z javobimizni beramiz. Eng yaxshi javob esa maydonda beriladi". Angliya terma jamoasi ustozi "Metropolitano" stadionida hech qanday muammolar bo'lishini kutmayotganini qo'shimcha qildi. "Bu mutlaqo qabul qilib bo'lmaydigan holat. Har qanday stadionda, hatto stadiondan tashqarida ham irqchilikni hech qachon qabul qilmaymiz. Biz hech kimga nisbatan irqchi bo'lmaymiz. Bu bizning qadriyatlarimizga zid. Albatta, Ispaniya jamoasiga o'z muxlislaridan to'liq qo'llab-quvvatlash bo'lishini kutaman, lekin boshqa salbiy holatlarni kutayotganimiz yo'q", – dedi Tuchel.
Tomas Tuchel Ispaniyaga qarshi o'yin oldidan futbolchilarga irqchilikka qarshi protokollarni eslatib o'tadi

Angliya terma jamoasi 2004 yildan beri ilk bor Madrid shahrida Ispaniyaga qarshi bahs olib boradi. Bosh murabbiy Tomas Tuchel o'yindan oldin jamoa azolariga irqchilik holatlariga qarshi qanday harakat qilish protokoli haqida eslatib o'tishini bildirdi. U bunday suhbatni avvalroq Serbiya bilan o'yin oldidan ham o'tkazganini ta'kidladi.
Manba: The Guardian