Xabarlarga ko'ra, «Kristal Pelas» klubi o'zining keyingi bosh murabbiyi sifatida Tomas Frank bilan prinsiplar bo'yicha kelishuvga erishdi. Daniyalik mutaxassis bu hafta oxirigacha Londonga kelib, shartnomadagi so'nggi rasmiyatchiliklarni yakunlashi kutilmoqda. Rasmiy e'lon kelgan 24-48 soat ichida chiqishi kutilmoqda. Frank fevral oyida «Tottenhem»dan iste'foga chiqarilganidan so'ng Premyer-ligaga qaytmoqda. U Selxurst Parkda mavsumni yomon boshlagani uchun o'tgan hafta lavozimidan bo'shatilgan Pyer Sajning o'rnini egallaydi. Ayni paytda «Pelas» Premyer-liga turnir jadvalida bor-yo'g'i 7 ochko bilan so'nggi o'rinda bormoqda va xavfsiz hududdan 2 ochko ortda qolmoqda. «Kristal Pelas» rahbariyati yozgi tanaffus paytida ham murabbiylikka nomzodlar qatorida Tomas Frankni ko'rib chiqqan edi. Klub o'shanda Frenk Lempard, Shon Daych, Vitor Pereyra, Kim Hellberg va boshqa bir qator mutaxassislarning nomzodlariga ham qiziqqan edi. Tomas Frank 2018-2025 yillar oralig'ida «Brentford» klubidagi muvaffaqiyatli faoliyati bilan tanilgan. U «arilar»ni Premyer-ligaga olib chiqqan va 2023 yilda turnir jadvalida 9-o'rinni egallab, jamoani yuqori divizionda mustahkam o'rnashishiga sabab bo'lgan. Shundan so'ng u o'tgan mavsumda Anje Postekogluning o'rnini egallab, «Tottenhem» bosh murabbiyi bo'ldi. Biroq jamoa 16-o'rinda va quyi ligaga tushib qolish xavfidan bor-yo'g'i 5 ochko oldinda borayotgan bir paytda, sakkiz oydan kamroq vaqt ichida ishdan bo'shatildi. «Tottenhem» mavsumni Igor Tudor va Roberto De Zerbi rahbarligida so'nggi turda qiyinchilik bilan saqlab qolgan edi. Frankning «shporlar»dagi qisqa faoliyati davomida muxlislar uni to'laqonli qabul qila olishmagan va klub muxlislari e'tiroziga sabab bo'lgan ba'zi voqealar ham sodir bo'lgandi. «Kristal Pelas» Premyer-ligadagi navbatdagi o'yinini 21 noyabr, shanba kuni 17-o'rinda borayotgan «Koventri» jamoasiga qarshi o'tkazadi. Shuningdek, jamoa Yevropa Ligasida ham harakat qilmoqda va navbatdagi uchrashuvini 26 noyabr kuni o'z uyida «Real Sosedad»ga qarshi o'tkazadi.
Tomas Frank «Kristal Pelas»ning yangi bosh murabbiyiga aylanishi kutilmoqda

Sky Sports xabariga ko'ra, «Kristal Pelas» klubi Tomas Frank bilan bosh murabbiylik lavozimi bo'yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Shartnoma rasman yaqin kunlarda e'lon qilinishi kutilmoqda. Daniyalik mutaxassis bu lavozimda iste'foga chiqarilgan Pyer Sajning o'rnini egallaydi.
Manba: Sky Sports