Angliya Premyer-ligasida muvaffaqiyatsiz o‘yinlar o‘tkazayotgan «Kristal Pelas» klubida bosh murabbiy masalasi keskin muhokama markazida turibdi. Xabarlarga ko‘ra, jamoani boshqarib kelayotgan Piyer Saj egallab turgan lavozimidan ozod etilishi ehtimoli yuqori. Agarda rahbariyat shunday qarorga kelsa, sobiq «Tottenhem» va «Brentford» ustozi Tomas Frank londonliklar jamoasini qabul qilib olishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodga aylangan. «Kristal Pelas» rahbariyati mutaxassislar ro‘yxatidan faqat Frankni emas, balki Frenk Lempard, Shon Daych, Vitor Pereyra, Kim Hellberg, Vitor Matos va Toni Popovich kabi nomzodlarni ham o‘tkazib ko‘rmoqda. Hozircha klub tomonidan yakuniy qaror qabul qilinmagan, biroq joriy mavsumdagi yettinchi mag‘lubiyatdan keyin Sajning iste’foga chiqishi deyarli aniq bo‘lib qolgani aytilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Tomas Frank yozgi tanaffus vaqtida ham «Kristal Pelas»ning e’tibor markazida bo‘lgan edi. Mutaxassis 2018–2025-yillar oralig‘ida «Brentford»da samarali faoliyat olib borib, jamoani Premyer-ligaga olib chiqqan va 2023-yilda 9-o‘rinni egallashiga erishgandi. Shundan so‘ng u Anje Postekoglu o‘rniga «Tottenhem» boshqaruvini qabul qilib olgandi. Biroq London klubidagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi va sakkiz oydan kamroq vaqt ichida, jamoa quyi ligaga tushib ketish zonasidan besh ochko yuqorida — 16-o‘rinda borayotgan bir paytda iste’foga chiqarilgandi. Uning o‘rnini egallagan Igor Tudor va Roberto De Zerbi mavsum so‘nggida jamoaning APLdagi jonini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgandi. Sky Sports eksperti Jeymi Karrager «Liverpul»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin quyidagicha fikr bildirdi: «O‘ylashimcha, bu “Kristal Pelas”ning joriy mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘ldi. “Liverpul” safarda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi, biroq ularning darvozaboni eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi. Bu “Pelas”ning qanchalik yaxshi harakat qilganini ko‘rsatadi». Shuningdek, Karrager klub xo‘jayinlari Premyer-ligada 14 mavsumdan buyon barqaror to‘p surib kelayotgan jamoaning oxirgi o‘rinda qolish xavfi tufayli tavakkal qilisholmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, jamoaning navbatdagi o‘yiniga boshqa bosh murabbiy tayyorlanadi. Piyer Sajning o‘zi ham «Liverpul»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: «Biz o‘yinni juda yaxshi boshladik, ko‘p vaziyatlar yaratdik, biroq gol ura olmadik. Standart vaziyatdan keyin o‘tkazib yuborilgan gol va qarshi hujumlar o‘yinni keskinlashtirib yubordi. “Liverpul” qarshi hujumlarda juda tez va samarali harakat qiladi». Murabbiy jamoada vaziyatlarni golga aylantirish muammosi borligini tan olib, muxlislar va futbolchilar oldida o‘zini noqulay his qilayotganini, jamoa bundan-da yaxshiroq natijalarga loyiqligini qo‘shimcha qildi.