O'tgan mavsumda «Everton» safida 41 ta uchrashuvda atigi 8 ta gol urgan Tiyerno Barri bu yil o'zining yorqin o'yini bilan barchani hayratda qoldirmoqda. Hujumchi joriy mavsumda bor-yo'g'i 12 ta o'yinda o'sha natijani takrorlashga erishdi. Dushanba oqshomida «Sent-Jeyms Park» stadionida «Nyukasl»ga qarshi kechgan uchrashuvda frantsiyalik futbolchi so'nggi besh kun ichida ikkinchi bor raqib darvozasini ishg'ol qildi va «irishtilar»ning haqli g'alabasini ta'minladi. Joriy mavsumda barcha musobaqalarni hisobga olgan holda, Premyer-liga futbolchilari orasida faqat Erling Xoland (13 ta) Tiyerno Barridan ko'proq gol urgan xolos, barri hisobida esa 8 ta gol mavjud. O'tgan yozda «Vilyarreal» safidan kelib qo'shilgan 24 yoshli futbolchi hozirda o'z faoliyatidagi eng yaxshi davrini o'tkazmoqda. Betoning «Fiorentina»ga transferidan so'ng «Everton»ning yagona asosiy tajribali hujumchisiga aylangan Barri ayni paytda Devid Moyes uchun favqulodda muhim o'yinchiga aylandi. Navbatdagi gol Tiyerno Barri uchun yozda sarflangan 27 million funt sterling mablag' o'zini oqlayotganini yana bir bor tasdiqladi. Bolaligida Ueyn Runi va Romelu Lukakuning «Everton» safidagi o'yinlarini tomosha qilib ulg'aygan hujumchi Mersisaydga ko'chib o'tgach, og'ir davrni boshdan kechirgandi. U dastlabki 16 ta o'yinda atigi bitta zarba bergandi va hatto o'tgan mavsumdagi yopiq mashg'ulotlarning birida yig'lab yuborgan videosini ham ulashgandi. Biroq dushanba kungi uchrashuvdagi nishonlash marosimi uning kayfiyati butunlay o'zgarganidan dalolat berdi. O'yindan so'ng Sky Sports nashriga bergan intervyusida Barri yozda juda ko'p ishlaganini va buning natijasini hozir ko'rayotganini ta'kidladi. Sezon uzun ekanini, ammo u gollari bilan jamoaga yordam berishdan xursandligini qo'shimcha qildi. Shunga qaramay, uning goli bahslarga sabab bo'ldi, chunki «Nyukasl» bosh murabbiyi Matyias Daysler hujum boshlanishida Fabian Sherga nisbatan qo'pollik ishlatilganini aytib o'tdi. Premyer-ligada Tiyerno Barri o'z jamoasining eng xavfli vaziyatlarida eng ko'p qatnashayotgan futbolchilar ro'yxatida peshqadamlik qilmoqda. O'yingacha «Everton» 24 ta yaqqol vaziyat yaratgan bo'lsa, Barri ularning 15 tasida (62.5%) bevosita ishtirok etgandi. Hujumchi gollarni ko'p o'tkazib yuborishi uchun tez-tez tanqid qilinsa-da, u oxirigacha kurashishda davom etmoqda. Sobiq futbolchi Jeymi Karrager Barrining xatolariga qaramay, u doimo oldinga intilib, gol urishni bilishini ta'kidladi. Bosh murabbiy Devid Moyes ham markaziy hujumchining gollar urayotganidan mamnunligini, u ba'zi imkoniyatlarni boy bergan bo'lsa-da, kerakli paytda kerakli joyda bo'la olganini e'tirof etdi.