2017-yilda kechki ziyofatlardan birida o'rtaga tashlangan oddiygina «Menga ham futbol o'ynashni o'rgata olasizmi?» degan savol Hindistonda ulkan sport hamjamiyatining paydo bo'lishiga turtki bo'ldi. Angliyada professional darajada to'p surgan, kelib chiqishi hindistonlik bo'lgan futbolchi Tanvie Hans bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi. Dastlabki mashg'ulotga asosan do'stlar va tanishlardan iborat 17 nafar ayol yig'ilib, Bengaluru shahridagi yakshanba tongida ilk saboqni olishdi. Oradan to'qqiz yil o'tib, mazkur kichik guruh Hindiston bo'ylab 20 mingdan ortiq ayolni o'z ichiga olgan ulkan jamoaga aylandi. Tanvie Hans va taniqli murabbiy Sveta Subbiah tomonidan asos solingan «Sisters in Sweat» bugungi kunda mamlakatdagi ayollarga mo'ljallangan eng yirik sport hamjamiyati hisoblanadi. Loyiha ayollarga kundalik turmush tashvishlaridan chalg'igan holda jismoniy faollik bilan shug'ullanish, sport o'ynash va yangi tanishuvlar orttirish imkoniyatini bermoqda. Hindistonning shimolidagi Chandigarxdan tortib janubdagi Chennaygacha bo'lgan hududni qamrab olgan tashabbus hozirda 10 ta yirik shaharda faoliyat yuritmoqda. Futbol esa ushbu dasturning eng ommaviy yo'nalishlaridan biri sanaladi. “Tottenham” va “Fulham” klublarining sobiq yarim himoyachisi Tanvie Hansning ta'kidlashicha, ular dastlab bozordagi qandaydir bo'shliqni to'ldirishni rejalashtirishmagan, biroq mashg'ulotlarning muvaffaqiyati jamiyatda bunday ehtiyoj ulkan ekanini ko'rsatgan. «Sisters in Sweat» mashg'ulotlari haftasiga ikki-uch marotaba murabbiylar nazorati ostida o'tkaziladi. Ishtirokchilar o'z darajalaridan kelib chiqqan holda boshlang'ich yoki o'rta guruhlarni tanlashlari mumkin. Kirish to'lovi ham hamma uchun qulay bo'lib, taxminan 300 hind rupiysini (2.50 funt sterling atrofida) tashkil qiladi va har qanday yoshdagi ayollar mashg'ulotlarda qatnashishi mumkin. Mashg'ulotlar formati juda sodda tuzilgan bo'lib, u 2017-yildagi ilk yig'indan beri o'zgarmagan. Har bir uchrashuv qisqacha tanishuv davri, ishtirokchilarning o'zini tanishtirishi va 90 daqiqalik jarayonda nimalar bo'lishini tushuntirish bilan boshlanadi. Shundan so'ng isinish mashqlari va guruhdagi muzni eritishga yordam beruvchi qiziqarli shartlar bajariladi. Fon musiqasi ostida o'tadigan tadbir yakunida esa qizg'in va qiziqarli 30 daqiqalik futbol o'yini tashkil etiladi. Loyiha ishtirokchilari mashg'ulotdan so'ng doimo ijobiy taassurotlar va tabassum bilan qaytishadi. Yangi kelgan qizlar ham qisqa vaqt ichida o'zlarini shu jamoaning bir bo'lagidek his qila boshlashadi. Hamjamiyat asoschilarining fikricha, bunday muhokama maydonchalari Hindistondagi ko'plab megapolis shaharlarda ayollar uchun hukm surayotgan tazyiqlar va xavotirlarsiz erkin harakatlanish imkonini beruvchi muhim makonga aylangan. Hindiston jamiyatidagi patriarxal qarashlar va oilaviy yumushlar ko'pincha ayollarning maktab yoki universitetdan keyin sportni tashlab yuborishiga sabab bo'ladi. Turmush qurish, uy ishlari va farzand tarbiyasi ayollarning shaxsiy vaqtini keskin qisqartirib yuboradi. Shuningdek, jamiyatda ayollarning ochiq havoda ko'p yurishi yoki sport bilan shug'lanishi tashqi ko'rinishiga salbiy ta'sir qilishi mumkin degan stereotip ham mavjud. «Sisters in Sweat» ana shunday ijtimoiy to'siqlarni yengib o'tib, ayollarni birgalikda sport bilan shug'ullanishga chorlab kelmoqda.