Taniqli tennis yulduzi Rafael Nadal «Real Madrid» futbol klubining direktorlar kengashiga qo'shilishga yaqin turibdi. 22 karra Grand Slam g'olibi va ikki karra Olimpiada chempioni 2024 yilda o'zining professional tennisdagi faoliyatini yakunlagan edi. Endilikda ispaniyalik sport afsonasi o'z faoliyatini sevimli futbol klubining rahbarlik lavozimida davom ettirishi kutilmoqda. «Real Madrid» klubi a'zolari joriy oy oxirida bo'lib o'tadigan yig'ilishda 40 yoshli Nadalning direktorlar kengashiga tayinlanishini ma'qullashlari kerak bo'ladi. Klub tarqatgan rasmiy bayonotda Nadal sport tarixidagi eng buyuk afsonalardan biri hamda dunyodagi eng mashhur ispaniyalik sportchilardan biri ekanligi alohida ta'kidlandi. «Bunday yirik sport va insoniy qadriyat ega bo'lgan shaxsning bizning direktorlar kengashimizga qo'shilishi va klubimizning buguni hamda kelajagiga o'z mas'uliyatli hissasini qo'shishi biz uchun ulkan faxrdir», — deyiladi «Real Madrid» bayonotida. Bolaligidan «Real Madrid»ni qo'llab-quvvatlab keladigan va 67,778-raqamli klub a'zosi bo'lgan Rafael Nadal bu xabarga javoban o'zining bolalikdagi klub libosidagi suratini ijtimoiy tarmoqlarga joyladi. U prezident Florentino Peres va rahbariyatga o'z minnatdorchiligini bildirdi. «Men prezident Florentino Peres va direktorlar kengashiga «Real Madrid» boshqaruviga qo'shilish taklifi uchun o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Ushbu taklifni katta hayajon, o'rganish istagi va qo'limdan kelgancha yordam berish tayyorgarligi bilan qabul qildim», — deb yozdi Nadal X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida. Shunga qaramay, hozircha Rafael Nadal direktorlar kengashida aniq qanday mas'uliyat va vazifalarni bajarishi noma'lim bo'lib qolmoqda. Peres iyun oyida 2009 yildan beri egallab kelgan lavozimiga yana to'rt yillik muddatga prezident etib qayta saylangandi. U darhol Joze Mourinoni bosh murabbiy etib tayinlab, jamoaning so'nggi ikki mavsumda La Liga, Chempionlar ligasi va Ispaniya kubogida sovrinsiz qolganidan keyingi natijalarini yaxshilashni maqsad qilgan. Ayni paytda «Real» La Ligada 11 turdan so'ng amaldagi chempion «Barselona»dan uch ochko ortda qolgan holda uchinchi o'rinni egallab turibdi.