Sky Sports eksperti Pol Merson «Manchester Yunayted» klubining joriy mavsumdagi sharmandali boshlanishi uchun bosh murabbiy Maykl Kerrikni ayblash noto'g'ri ekanini ma'lum qildi. Uning fikricha, yuzaga kelgan inqirozning tub ildizi klubning xato transfer siyosatiga borib taqaladi. «Manchester Yunayted» Premyer-liganing dastlabki 10 ta o'yinida atigi 8 ochko jamg'arib, quyi ligaga tushib ketish zonasida bormoqda. Barcha musobaqalarda 11 ta o'yinda 1 ta g'alaba qozonilib, o'z darvozasidan 30 ta gol olib chiqilgani va Yevropaning kuchli beshlik ligalari orasida eng yomon natija qayd etilgani murabbiyga bo'lgan bosimni keskin oshirib yubordi. Biroq Pol Merson muammoni murabbiydan qidirmaslik kerakligini ta'kidladi: «Men murabbiyning o'zini ayblay olmayman. Ular chapu o'ngga qaramasdan murabbiylarni o'zgartiraverishadi, lekin natija o'sha-o'sha qolmoqda. O'tirgan murabbiy Arsen Venger, Ser Aleks Fergyuson, Pep Gvardiola yoki Joze Mourino bo'lishidan qat'i nazar, yo'l qo'yilayotgan xatolar futbolchilarning harakatlariga borib taqalmoqda». Ekspert jamoa qiyin vaziyatlarda ham kurashishni to'xtatmaganini qayd etdi: «Agar futbolchilar murabbiy uchun maydonda yugurmaganida, «Roma» va «Aston Villa» ularni parka-parka qilib tashlagan bo'lardi. Lekin ular ikkala uchrashuvda ham hisobni tenglashtirishdi. Hozircha Kerrikning ketkazilishiga ishonmayapman». Mersonning fikricha, rahbariyat transfer siyosatida jiddiy xatoga yo'l qo'ygan: «Ular transfer siyosatini teskari boshlashdi. Birinchi oynada hujumchilarni sotib olishdi, keyingi oynada yarim himoyachilarni olib kelishdi va endi mavsum oxirida himoyachilarni sotib olishga majbur bo'lishmoqda. Ular himoyadan boshlashi kerak edi. Botqoq ustiga uy qurib bo'lmaydi. Kuchli himoya bo'lishi shart, lekin ular buni qilishmadi». Shuningdek, agar klub Maykl Kerrikni iste'foga chiqarsa, Maurisio Pochettino asosiy nomzod bo'lishi mumkinligi muhokama qilinmoqda. Merson Pochettinoning APLda boy tajribaga ega ekanini va arzon narxda (£7m) qo'lga kiritilishi mumkin bo'lgan yuqori saviyadagi mutaxassis ekanini e'tirof etdi. Biroq ekspertning fikricha, «Manchester Yunayted» endi avvalgidek buyuk jamoalar qatoriga kirmaydi, lekin muxlislarning talablari hamon juda yuqori: «Biz 15 yil oldingi «Manchester Yunayted» haqida gapirishda davom etamiz. O'shanda Ueyn Runi, Krishtianu Ronaldu va yuqori saviyadagi o'yinchilar bor edi. Hozir unday emas. Ular moliyaviy qoidalar cheklovlari sababli 15-20 yil oldingi darajaga yaqinlasha olishi qiyin».