O'tgan yilning may oyida Piyer Saj «Lans» klubi bilan Frantsiya kubogini qo'lga kiritib, o'z shtabiga «Biz qayerda ekanimizni tushunyapsizmi?» deya murojaat qilgandi. Frantsiya chempionatida jamoani ikkinchi o'ringa olib chiqqan va klub tarixida ilk bor kubokni yutgan mutaxassis bir kechada Frantsiya futbolining yulduziga aylangandi. Biroq oradan olti oy o'tmay, 47 yoshli murabbiy «Kristal Pelas» boshqaruvida og'in ahvolda qoldi. Premyer-liga jozibasi sababli iyul oyida London klubiga kelgan Saj hozirda chempionatda iste'foga eng yaqin nomzodlardan biriga aylangan. Jamoa APL turnir jadvalining quyi qismida bormoqda va diviziondagi eng zaif himoya chizig'iga ega. Oxirgi uchta o'yinda mag'lub bo'lib, birorta ham gol ura olmagan va o'z darvozasidan 9 ta to'p o'tkazib yuborgan «qabullar» jiddiy bosim ostida qolmoqda. Agar yakshanba kuni «Liverpul»ga qarshi bahsda mag'lubiyatga uchrasa, jamoa turning so'nggi o'rniga tushib ketishi mumkin. Shunga qaramay, «Tottenhem»ga qarshi o'yindagi mag'lubiyatdan keyin ham muxlislar bosh murabbiyga nisbatan ochiq e'tiroz bildirishmadi, chunki muammolar ancha chuqur ekanini barchas yaxshi tushunmoqda. Saj o'yin yakunida bu holatni «halokat» deb atadi. Gap faqat natijalarda emas, balki yozda Daniel Munoz va Maksens Lakrua kabi yetakchilarning ketib qolishi hamda ularning o'rnini egallagan futbolchilar o'z darajasini ko'rsata olmayotganida hamdir. Shuningdek, o'tgan mavsumda 21 ta gol urgan Ismoil Sarrning jarohati va Adam Uortonning o'yinidagi pasayish jamoaga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Klub sport direktori Mett Xobbs uchun bu ilk jiddiy sinov edi, biroq transfer oynasidagi natijalar turlicha chiqdi. Munozning o'rniga kelgan Anan Xalaili va ijara asosida o'ynayotgan Axel Disasi kabi futbolchilar o'zidan oldingilarning o'rnini to'laqonli egallay olmadi. Himoyadagi standart vaziyatlardan o'tkazib yuborilgan 5 ta gol ham muammolardan biri bo'lib turibdi. Sajning taktik g'oyalari ham «Lans»dagi uslubga asoslangan bo'lib, u yuqori pressing va tezkor qarshi hujumlarni afzal ko'radi. Biroq «Kristal Pelas» o'tgan yillarda qarshi hujumga asoslangan jamoa sifatida shakllangandi. Murabbiy to'pni nazorat qilish orqali himoyalanish mumkinligiga ishonsa-da, jamoa bu uslubga to'liq moslasha olmayapti. Agar natijalar yaxshilanmasa, ehtimoliy iste'fo faqat Piyer Sajning xatosi emas, balki klub va murabbiy falsafasi bir-biriga mos kelmaganining ko'rsatkichi bo'lishi mumkin.