NWSL pley-off chorak final bahsida «Washington Spirit» o'z maydonida «Portland Thorns FC» jamoasini yirik — 4:1 hisobida taslim etdi. Uchrashuvning asosiy qahramoniga aylangan Triniti Rodman raqib darvozasiga ikkita gol kiritib, jamoasining keyingi bosqichga chiqishini ta'minladi. Turnirda uchinchi raqam ostida harakat qilayotgan «Spirit» birinchi bo'limning o'zidayoq o'yin taqdirini deyarli hal qildi. Jamoa ikki daqiqa ichida ikkita gol urib, tanaffusga 3:0 hisobidagi qulay ustunlik bilan yo'l oldi. Endi Vashington jamoasi yarim finalda yettinchi o'rindagi «Utah Royals» bilan kuch sinashadi. Hisob 6-daqiqadayoq ochildi. Triniti Rodman raqib jarima maydonchasi yaqinida himoyachi Kerolin Kalsadadan to'pni olib qo'ydi va darvoza to'g'risiga pastlatib uzatma berdi. Ushbu vaziyatdan unumli foydalangan Melissa Beti darvozabon Makkenzi Arnoldni qiyinchiliksiz dog'da qoldirdi. O'yinning 34-daqiqasida Klara Luvanga farqni ikkitaga oshirdi. Himoyachi Izabella Obazning darvozabonga qaytargan to'piga Makkenzi Arnold kech tushundi va Luvanga bundan foydalanib gol urdi. Oradan bir daqiqa o'tib, Luvanga o'ng qanotdan tezkor reyd uyushtirib, jarima maydonchasiga to'p uzatdi va Rodman o'zining birinchi goliga mualliflik qildi. Ikkinchi bo'lim boshida, aniqrog'i 51-daqiqada portlandliklar bitta gol bilan javob qaytarishdi. Burchak to'pidan keyin qaytgan to'pni Jessi Fleming jarima maydonchasiga yetkazib berdi, Pietra Tordin esa qulay imkoniyatni golga aylantirdi. Biroq oradan yetti daqiqa o'tib, «Spirit» yana o'z ustunligini tikladi. Luvanga jarima maydonchasi bo'ylab o'tkir uzatma berdi, Rodman esa chap oyog'i bilan to'pni darvozaga yo'llab, farqni yana uchta golga yetkazdi. Uchrashuv yakuniga ikki daqiqa qolganida «Portland» safida Jeyden Perri Rodmanga nisbatan qo'pol o'ynagani uchun ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi. Shuningdek, o'yin davomida mehmonlar safidan Esme Morgan va Luvanganing o'zi ham hakam tomonidan ogohlantirildi.