Angliyaning «Vest Xem» klubi bosh murabbiyi Nuno Espirito Santoning jamoadagi kelajagi jiddiy xavf ostida qoldi. Joriy mavsumni Chempionshipda asosiy da'vogar sifatida boshlagan jamoa kutilgan natijalarni ko'rsata olmayapti. Shanba kuni «Vest Bromvich»ga qarshi kechgan uchrashuvda 1:3 hisobida mag'lub bo'lgan «bolg'achilar» turnir jadvalida sakkizinchi o'ringa tushib ketishdi. O'tgan mavsumda jamoani Premyer-ligada saqlab qololmagan Nuno Espirito Santodan rahbariyat darhol yuqori divizionga qaytishni talab qilmoqda. Biroq «Vest Bromvich»dan uchralgan mag'lubiyat jamoaning pley-off zonasidagi o'rnini xavf ostiga qo'ydi va ikkinchi o'rindagi «Suonsi Siti»dan to'rt ochko ortda qolishiga sabab bo'ldi. Natijada o'yin davomida murabbiy tribunadagi muxlislarning keskin noroziligi va e'tirozlariga duch keldi. Aslida o'tgan mavsum yakunlanganidan keyinayoq Nuno ishdan bo'shatilishi kutilgan edi. O'sha paytda klubning asosiy aksiyadorlaridan biri Devid Sallivan murabbiy bilan xayrlashish tarafdori bo'lgan, chexiyalik milliarder Daniel Kretinskiy эса uning qolishini yoqlab chiqqandi. Keyinchalik Sallivan boshqaruvdagi o'zgarishlar fonida o'z ulushini o'zgartirgan bo'lsa, Kretinskiy sentabr oyida klubning asosiy aksiyadoriga aylandi. Endilikda murabbiyning taqdiri bo'yicha har qanday qaror rahbariyat tomonidan jamoaviy tarzda qabul qilinadi. Vaqtincha bosh direktor Karim Virani va seleksiya direktori Nils Koppen ham bu masalada o'z o'rniga ega. Chorshanba kuni «Kardiff Siti» mehmoni bo'ladigan «Vest Xem» so'nggi olti o'yinda atigi ikkita g'alaba qozondi va noyabr oyidagi terma jamoalar tanaffusiga qadar vaziyatni o'nglay olmasa, murabbiy jiddiy savollarga duch kelishi aniq. Eslatib o'tamiz, «Vest Xem» 2025-yil sentabrida Grem Potter iste'foga chiqarilganidan keyin Nuno Espirito Santoni tayinlagan edi. 52 yoshli mutaxassisning tanlagan taktikasi va transferlari o'tgan mavsumda muxlislarni ishontira olmagandi. Jamoa quyi ligaga tushib ketganidan keyin Crysencio Summerville va Mateus Fernandesni sotib yuborgan bo'lsa-da, Jarrod Bowen va Tomas Soucekni saqlab qoldi. Shuningdek, «Seltik»dan Arne Engels 22 million funt sterling evaziga transfer qilinib, EFL transfer rekordi yangilandi. «Vest Xem» ichida tarkib Chempionshipdagi eng kuchlilaridan biri ekanligi va jamoa bundan yaxshiroq o'ynashi kerakligi ta'kidlanmoqda. Biroq Nuno asosiy tarkibni aniqlashda qiynalmoqda va jamoa himoyada ko'plab xatolarga yo'l qo'ymoqda. Joriy mavsumdagi 13 ta o'yinda atigi uchta uchrashuvda darvoza daxlsizligi saqlab qolingan bo'lsa, oltita o'yinda jamoa birinchi bo'lib gol o'tkazib yuborgan. Yangi hujumchilar – Joel Piroe, Pablo Felipe va Taty Castellanos jami beshta gol urishga muvaffaq bo'lishdi, xolos. Bowen yettita gol bilan to'purar bo'lib turibdi, biroq jamoada aniq o'yin uslubi va yarim himoyadagi muvozanat yetishmayapti. Murabbiy hali ham jamoani yuqoriga olib chiqishiga ishonch bildirmoqda, ammo muxlislar va rahbariyatning sabri tugab bormoqda.
Nuno Espirito Santoning «Vest Xem»dagi kelajagi xavf ostida

Chempionshipda omadsiz harakat qilayotgan «Vest Xem» bosh murabbiyi Nuno Espirito Santo iste'fo xavfi bilan yuzlashmoqda. Shanba kuni «Vest Bromvich»dan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng jamoa turnir jadvalida sakkizinchi o'ringa tushib ketdi va muxlislarning noroziligiga sabab bo'ldi. Klub rahbariyati murabbiyga vaziyatni o'nglab olish uchun vaqt berishni rejalashtirayotgan bo'lsa-da, klubdagi asosiy shaxslarning sabri tugab bormoqda.
Manba: The Guardian