Angliya Premyer-ligasining so'nggi turida «Arsenal» o'z maydonida «Xall Siti»ni minimal 1:0 hisobida mag'lub etdi. Mazkur uchrashuvda «to'pchilar»ning g'alabasiga katta hissa qo'shgan futbolchilardan biri Noni Madueke bo'ldi. Uchrashuv tugagach, qanot hujumchisining imkoniyatdan foydalana olmagani uchun o'zidan norozi bo'lgani uning o'ziga nisbatan qanday yuqori talablar qo'yayotganini ko'rsatdi. Bosh murabbiy Mikel Arteta sobiq «Chelsi» futbolchisi haqida gapirarkan, uni «boshqa Noniy»ga aylanganini alohida ta'kidladi. Bukayo Saka jarohat olib safdan chiqqandan so'ng, Madueke bu yo'qotishning o'rnini munosib ravishda to'ldirishga muvaffaq bo'ldi va jamoaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. «Xall Siti»ga qarshi bahsda Madueke raqib jarima maydonchasida 13 marta to'pga tegib, bu borada jamoaning joriy mavsumdagi rekordini o'rnatdi. Shuningdek, u o'yinda eng ko'p zarba yo'llagan, imkoniyat yaratgan va muvaffaqiyatli dribling amalga oshirgan futbolchiga aylandi. Martin Edegor kiritgan yagona gol ham aynan Maduekening zarbasidan keyin yuzaga kelgandi. Artetaning fikricha, futbolchining bunday darajaga chiqishiga uning xalqaro tanaffus vaqtida alohida shug'ullangani sabab bo'lgan. O'zining o'yinidan qoniqmagan qanot hujumchisi qo'shimcha mashqlar orqali o'z ustida jiddiy ishlay boshlagan va maydonda butunlay boshqacha harakat qila boshladi. Mutaxassislar uning statistik ko'rsatkichlari ham sezilarli darajada yaxshilanganini ta'kidlashmoqda. Xususan, Maduekening uzatmalari aniqligi, maydonni ko'ra olishi va raqib darvozasiga xavf solish ko'rsatkichi avvalgi mavsumlarga nisbatan keskin o'sgan. U hozirda APLda har 90 daqiqada eng ko'p vaziyat yaratayotgan futbolchilar qatorida bormoqda. Klub murabbiylari va mutaxassislar uning ruhiy holati va mehnatkashligini «mentalitet monster» deb atashmoqda. Madueke o'zining «Chelsi»dan «Arsenal»ga o'tish qarori nafaqat to'g'ri bo'lganini, balki London klubida o'zini to'laqonli ko'rsatishga tayyorligini isbotlab kelmoqda.
Noni Madueke «Arsenal»da yangi darajaga chiqdi

«Arsenal» qanot hujumchisi Noni Madueke APL doirasidagi «Xall Siti»ga qarshi o'yinda (1:0) yorqin harakatlari bilan e'tibor tortdi. Bosh murabbiy Mikel Arteta futbolchining so'nggi paytlardagi o'sishini yuqori baholab, uning professional yondashuvini boshqalarga o'rnak qilib ko'rsatdi.
Manba: Sky Sports