Maurisio Pochettinoning AQSh erkaklar terma jamoasidagi bosh murabbiylik faoliyati o'ziga xos ziddiyatlar, yorqin g'alabalar va og'riqli mag'lubiyatlarga boy o'tdi. 2024 yilgi omadsiz Kopa Amerikadan so'ng jamoa boshqaruvini qo'lga olgan argentinalik mutaxassis oldiga o'z uyida o'tadigan jahon chempionati oldidan yuqori maqsadlar qo'yilgandi. Nyu-York shahrida tanishtirilgan vaqtdayoq u AQSh shunchaki ishtirok etishi emas, balki turnirda g'alaba qozonishi kerakligini bot-bot ta'kidlagandi. Shunga qaramay, uning bu shiorlari va ommaviy chiqishlari ko'pchilikda ikki xil taassurot qoldirdi. Amerikalik futbol muxlislari yillar davomida xalqaro maydonda yorqin natijalarga intilib kelayotgan bo'lsa-da, AQSh terma jamoasining jahon chempionatida zafar quchishi g'oyasi ko'pchilikka biroz ishonchsiz tuyulardi. Shunga qaramay, Pochettino futbolchilarga va jamoatchilikka g'oliblik mentalitetini singdirishga harakat qildi. Hatto Donald Trampga ham jamoa chempion bo'lishi mumkinligini aytib o'tgandi. Biroq uning bu ishonchli so'zlari va amaldagi harakatlari har doim ham bir-biriga mos kelmadi. Faoliyati davomida Pochettinoning nomi Angliya klublari, xususan, keyinchalik o'zi qabul qilib olgan «Manchester Yunayted» bilan uzluksiz ravishda bog'lanib keldi. Bu kabi mish-mishlar va murabbiyning Premer-ligani tez-tez maqtashi Amerika futbol jamoatchiligida uning terma jamoaga to'liq berilmagani haqidagi fikrlarni kuchaytirdi. Garchi professional sportda bunday holatlar tabiiy sanalsa-da, uyda o'tadigan jahon chempionatiga hoyirlik ko'rayotgan jamoa muxlislari uchun bu biroz yoqimsiz tuyulgani sir emas. Shuningdek, Pochettino AQSh futbolidagi ba'zi muammolardan ochiqdan-ochiq noroziligini yashirmadi. 2025 yilgi Oltin kubok finalida Meksikadan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng o'z uyida mezbonlarga qarshi raqib muxlislar ko'p bo'lganidan shikoyat qildi. Shuningdek, MLSdagi raqobat darajasi va yoshlar futbolidagi ba'zi kamchiliklarni tanqid ostiga oldi. Shu bilan birga, u boshqa yirik futbol davlatlariga nisbatan AQShda ishlaganda ancha kam bosim ostida bo'lganini ham tan olgandi. Jamoaning natijalari ham xuddi karuseldek tez o'zgarib turdi. Paragvay ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi yorqin g'alaba terma jamoa tarixidagi eng yaxshi jahon chempionati o'yinlaridan biri sifatida tarixda qoldi. O'sha o'yindan keyin Pochettino ko'z yoshlarini tutib tura olmay, AQShni maqtagan edi. Biroq pley-off bosqichida Belgiyadan qabul qilingan 4:1 hisobidagi og'riqli mag'lubiyat barcha erishilgan yutuqlarga soya solib qo'ydi va terma jamoa uchun eng og'ir damlardan biriga aylandi. O'zining faoliyati va merosi haqida gapirar ekan, Pochettino buni faqat bitta g'alaba yoki natija bilan o'lchab bo'lmasligini ta'kidladi. Uning fikricha, eng muhimi — insoniy munosabatlar va to'g'ri yo'ldan borganidir. Murabbiy AQShda uzoq muddatli o'sish uchun poydevor qo'yishga harakat qilganini aytdi. Xulosa qilib aytganda, Pochettino o'zining ulkan g'oyalari va ambitsiyalari bilan yodda qoldi, ammo u qoldirgan meros har xil baholarga sabab bo'lmoqda.