Xabarlarga ko'ra, Maurisio Pochettino «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi lavozimini egallash bo'yicha kelishuvga erishdi. Angliya Premyer-ligasining joriy mavsumida qoniqarsiz natijalar qayd etib, quyi zonaga tushib qolgan jamoa rahbariyati Maykl Kerrikni iste'foga chiqargandi. Pochettino «Old Trafford» klubi bilan 2029 yilning yozigacha mo'ljallangan ikki yarim yillik shartnoma imzolashi kutilmoqda. Mutaxassis hozirda AQSh terma jamoasini boshqarib turibdi va uning shartnomasida 7 million funt sterling miqdoridagi tovoni puli bandi mavjud. Pochettino Gaitiga qarshi shanba va chorshanba kunlari o'tadigan o'yinlarni boshqarib bo'lgach, «Manchester Yunayted» ixtiyoriga kelib qo'shiladi. Rasmiy e'lon qilish juma kuniga rejalashtirilgan bo'lib, u Ser Aleks Fergyuson 2013 yilda nafaqaga chiqqanidan beri klubdagi sakkizinchi doimiy bosh murabbiyga aylanadi. Pochettinoning yangi jamoadagi debyut o'yini 22 noyabr kuni «Enfild»da «Liverpul»ga qarshi kechadigan qiyin bahs bo'lishi kutilmoqda. Maykl Kerrik esa atigi olti oy oldin ikki yillik shartnoma imzolaganiga qaramay, so'nggi 10 uchrashuvdagi yagona g'alaba va jamoaning so'nggi 40 yildagi eng yomon starti tufayli o'z lavozimidan ayrildi. «Manchester Yunayted» rahbariyati, jumladan, bosh ijrochi direktor Omar Berrada va futbol direktori Jeyson Uilkoks Monakodagi sammitda klubning kichik aksiyadori Ser Jim Retklif bilan uchrashib, Kerrikni iste'foga chiqarish qarorini ma'qullashgan. Rahbariyat jamoaning hozirgi tarkibi ko'rsatilayotgan natijalardan ancha yuqori saviyaga ega ekaniga ishonch bildirmoqda. Kerrik o'tgan yakshanba kuni «Aston Villa» bilan 4:4 hisobida durang o'ynalgan o'yindan so'ng jamoadan ketdi. O'sha uchrashuvda mankunianliklar dastlab 2:0, keyinchalik esa 4:2 hisobida mag'lub bo'layotgan bir paytda so'nggi daqiqalarda mag'lubiyatdan qutulib qolishgandi. Ushbu natija rahbariyatni sobiq yarim himoyachining faoliyatini davom ettirishiga ko'ndira olmadi. Kerrik bilan birga murabbiylar shtabidan Jonni Evans, Jonatan Vudgeyt, Stiv Holland, Trevis Binnion va darvozabonlar murabbiyi Kreyg Mouson ham klubni tark etdi. Ikki oy oldin jamoaga kelib qo'shilgan Connor Kinggina yordamchi murabbiy sifatida o'z lavozimida qolgan. Eslatib o'tamiz, Kerrik 2026 yilning yanvarida Ruben Amorim iste'foga chiqarilganidan so'ng mavsum oxirigacha tayinlangan va jamoani Premyer-ligada uchinchi o'ringa olib chiqib, Chempionlar ligasiga qaytargandi. Shundan so'ng u yangi shartnoma imzolagan bo'lsa-da, joriy mavsumdagi 15 ta o'yinda atigi 3 ta g'alaba qozonilgani uning iste'figa sabab bo'ldi. Sobiq mutaxassislar va ekspertlar klubdagi muammolar faqat murabbiylarda emasligini, balki rahbariyat va transfer siyosatidagi kamchiliklar yillar davomida takrorlanib kelayotganini ta'kidlashmoqda. Shunga qaramay, Pochettino «Manchester Yunayted»ni inqirozdan olib chiqish uchun yangi umid sifatida olib kelinmoqda.