Sky Sports nashrining ma'lum qilishicha, «Manchester Yunayted» rahbariyati bosh murabbiy Maykl Karrik bilan xayrlashishga qaror qilgan taqdirda ham, jamoaga vaqtinchalik bosh murabbiy tayinlamaslikni afzal ko'radi. Oxirgi 10 ta uchrashuvning atigi bittasida g'alaba qozongan Karrikning kelajagi jiddiy bosim ostida qolmoqda. Biroq klub rahbariyati va direktorlar kengashida unga hamon ishonch bildirayotganlar bor va murabbiyni almashtirish bilan jamoa o'yini avtomatik ravishda yaxshilanib ketishiga shubha bilan qarayotganlar ham yo'q emas. Chempionlar ligasi doirasida «Roma» ustidan qozonilgan 3:2 hisobidagi irodali g'alaba jamoaga biroz nafas olish imkonini berdi. Bu qizil iblislarning barcha musobaqalardagi so'nggi 10 o'yindagi ilk g'alabasi bo'ldi. Shunga qaramay, klubda bitta muvaffaqiyat mavsumdagi umumiy vaziyatni tubdan o'zgartira olmasligini yaxshi tushunishadi. «Manchester Yunayted» APL turnir jadvalida 17-pog'onada bormoqda va faqat to'plar nisbati evazigagina quyi ligaga tushib ketish zonasidan tashqarida turibdi. «Roma»ga qarshi o'yinda 0:2 hisobidan keyin kambek amalga oshirilgani futbolchilar haligacha Karrikni qo'llab-quvvatlayotganini ko'rsatsa-da, g'alaba Brunu Fernandeshning takroriy penaltisi evaziga qo'lga kiritildi. Rahbariyat esa hamon jamoaning o'yin yo'nalishi va barqaror yo'qligidan hafsalasi pir bo'lmoqda. Karrik joriy yilning may oyida ikki yillik shartnoma imzolagan edi, biroq klub endilikda asosiy futbol lavozimi uchun uzoq muddatli strategiyaga tayanishni va har safar vaqtinchalik murabbiy izlash jarayonini takrorlamaslikni istamoqda. Klubning futbol operatsiyalarini boshqarayotgan Jeyson Uilkoks va Omar Berrada kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo'lib qolgan o'zgarishlar uchun boshqa nomzodlarni ham ko'rib chiqishmoqda. Kelasi hafta o'tadigan terma jamoalar tanaffusi vaziyatni sarhisob qilish uchun qulay imkoniyat tug'diradi, shu bois «Old Trafford»da «Aston Villa»ga qarshi kechadigan bahs Karrikning kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. Qizig'i shundaki, shanba kungi raqib – «Aston Villa» bosh murabbiy Unai Emeri bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashga yaqin ekanini e'lon qildi. Ispaniyalik mutaxassis bungacha «Manchester Yunayted»ning kelajakdagi nishonlari ro'yxatida yuqori o'rinlarni egallab turgandi. Biroq mavsum o'rtasida Emerini «Villa Park»dan olib ketish qiyin va qimmatga tushishi ayon edi. Shu sababli «Manchester Yunayted» rahbariyati Julian Nagelsmann, Fabian Hyurseler va Eddi Xau kabi boshqa potensial nomzodlar borasida ham ochiq fikrda qolmoqda. Hozircha klub boshqa birorta murabbiy bilan bevosita muzokara o'tkazgani yo'q, chunki rasman bo'sh turgan lavozimning o'zi yo'q. Barcha tomonlarning asosiy istagi – natijalar yaxshilanishi va Karrik o'z lavozimida qolishidir.