Angliya Ayollar Superligasida (WSL) chempionlik poygasi keskin tus olmoqda. Navbatdagi turda «Manchester Siti» o'z raqibini yirik hisobda taslim etgan bo'lsa, asosiy raqobatchilardan biri «Chelsi» o'z uyida kutilmagan ochko yo'qotdi. Ushbu natijalar turnir jadvalidagi yetakchilik masalasiga o'z ta'sirini ko'rsatdi. «Chelsi» o'z maydonida «Everton»ni qabul qilib, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. Ushbu uchrashuvda mezbonlar safida to'p surayotgan himoyachi Lyusi Bronzoning omadsiz harakati jamoasiga qimmatga tushdi. Uchrashuvning 28-daqiqasida aynan Bronzoning uzatmasidan keyin Sendi Baltimor yaqin masofadan gol urib, «Chelsi»ni oldinga olib chiqqandi. Biroq Oradan besh daqiqa o'tar-o'tmas, Lyusi Bronzo to'pni qaytarish chog'ida xatoga yo'l qo'yib, to'pni o'z darvozasiga kiritib yubordi. Natijada «Everton» hisobni tenglashtirdi. O'yin yakunigacha mehmonlar qolgan daqiqalarda ishonchli himoyalanib, durang natijani saqlab qolishdi. Bu «Chelsi»ning joriy mavsumdagi ilk turdan buyon ilk bor ochko yo'qotishi bo'ldi. «Manchester Siti» esa raqibining bu xatosidan unumli foydalanib qoldi. Jamoa «Vest Xem»ga qarshi kechgan bahsda raqib darvozasiga javobsiz 5 ta gol kiritdi. Yamaykalik hujumchi Xadija Shou uchrashuvning qahramoniga aylanib, o'z hisobiga xet-trik yozdirib qo'ydi. Birinchi bo'lim yakunlanishiga olti daqiqa qolganida Shou Lauren Hempning uzatmasidan so'ng hisobni ochdi. Ikkinchi bo'limda esa "shaharliklar" to'liq ustunlikka erishib, raqib darvozasini yana to'rt marta ishg'ol qilishdi. Xadija Shou ikkinchi bo'limda yana ikkita gol urib, o'zining joriy mavsumdagi golli seriyasini davom ettirdi va mavsumdagi gollari sonini 9 ta o'yinda 12 taga yetkazdi. Shuningdek, Aoba Fujino va zaxiradan maydonga tushgan Iman Beney ham o'z nomlarini tablodagi hisobga yozdirib qo'yishdi. «Vest Xem» uchrashuv davomida asosan himoyaga e'tibor qaratib, raqib bosimiga bardosh berishga urindi. Mehmonlar darvozaboni Konstans Piko-Inkonnyu bir necha bor jamoasini muqarrar gollardan saqlab qolgan bo'lsa-da, yakunda "Siti"ning hujumlariga qarshi tura olmadi. Ushbu yirik g'alaba evaziga «Manchester Siti» turnir jadvalida «Chelsi»ni ortda qoldirib, Ayollar Superligasida yaqqol peshqadamga aylandi. «Aristokratlar» esa o'z uyida yo'qotilgan ochkolar sababli ikkinchi o'ringa tushib ketdi.