Angliya yoshlar terma jamoasi Ashton Gate stadionida kechgan xalqaro o'rtoqlik uchrashuvida Fransiya U-21 jamoasini 3:2 hisobida taslim etdi. Ushbu bahs 16 yoshli Maks Douman uchun unutilmas voqealarga boy o'tdi. «Arsenal» safida porlayotgan yosh iqtidor o'yinning 89-daqiqasida g'alaba golini kiritib, Angliya U-21 terma jamoasi tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylandi. Eslatib o'tamiz, Douman o'tgan hafta Portugaliyaga qarshi bahsda maydonga tushib, yosh bo'yicha boshqa bir rekordni qayd etgan edi. Li Karsli shogirdlari uchrashuvni juda faol boshladi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida Ethan Nwaneri chap qanotdan ajoyib reyd uyushtirib, to'pni Mikey Moore'ga uzatdi. Moore esa imkoniyatdan unumli foydalanib, hisobni ochdi. Birinchi bo'lim oxirlariga kelib inglizlar o'z ustunligini mustahkamladi. 29-minutda yana Nwaneri faollik ko'rsatib, jarima maydonchasi ichiga to'p uzatdi. Divin Mubama esa bosh bilan zarba berib, hisobni 2:0 ga yetkazdi. Ikkinchi bo'limda fransuzlar o'yinni jonlantirishga muvaffaq bo'ldi. Darvozabon Tommi Setfordning xatosidan so'ng Giovani Versini farqni qisqartirdi. Ko'p o'tmay, Versini uzoq masofadan ajoyib zarba yo'llab, muvozanatni tikladi va hisobni 2:2 ko'rinishiga keltirdi. Biroq o'yin yakunlanishiga bir daqiqa qolganda Angliya terma jamoasi g'alabani ilib ketdi. Harrison Armstrongning uzatmasidan so'ng, bo'sh qolgan darvozani nishonga olgan Maks Douman jamoasiga g'alaba keltirgan to'pni kiritdi va tarixiy natijani rasmiylashtirdi.
Maks Douman Fransiyaga qarshi o'yinda Angliya U-21 terma jamoasi tarixidagi eng yosh to'purarga aylandi

Angliya U-21 terma jamoasi o'rtoqlik o'yinida Fransiyani 3:2 hisobida mag'lub etdi. 16 yoshli «Arsenal» iqtidori Maks Douman uchrashuv yakunida g'alaba golini kiritib, yangi tarix yozdi. Li Karsli shogirdlari o'yin davomida ustunlikni boy bergan bo'lsa-da, yakunda irodali g'alabani qo'lga kiritdi.
Manba: Sky Sports