Angliya Professional futbolchilar assotsiatsiyasi (PFA) bosh ijrochi direktori Maeta Molango futbol olami o'ta muhim burilish pallasida turganini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, zamonaviy futbol jiddiy xavf ostida, chunki asosiy e'tibor o'yinning o'ziga emas, balki faqat moliyaviy manfaatlar va ta'sir doirasini kengaytirishga qaratilmoqda. Besh yillik rahbarlik davrida to'plagan tajribasiga tayanib Molango shunday dedi: «Men sevgan, o'zim ham o'ynagan, keyinchalik maslahat berib, klubni boshqargan va bugun PFA'ni boshqarib kelayotgan futbol unutilib ketayotgani sababli xavf ostida qolmoqda». 2026-yilda futbol barcha platformalarda keng yoritilayotgani, Jahon chempionati 15 milliard dollar daromad keltirgani va Angliya quyi ligalarida ham muxlislar soni ortib borayotganiga qaramay, uning kelajagi xavotirli ekanini ta'kidladi. Molangoning fikricha, o'yinga uni yaxshilash yoki sevish uchun emas, balki faqat pul va ta'sir ko'zlab kirib kelgan insonlar ko'payib ketgan. Agar yaxshi mahsulot va sifatli o'yin bo'lmasa, butun boshli sanoat barbod bo'lishi muqarrar. PFA rahbari Janni Infantinoning faoliyati, xususan, Jahon chempionati ishtirokchilarini 32 tadan 48 taga, kelgusida эса 64 taga yetkazish rejalashtirilganini qattiq tanqid qildi. O'yinchi va mutaxassislar bilan maslahatlashmasdan qabul qilingan bunday qarorlar taqvimga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. PFA futbolchilarning huquqlarini himoya qilish va kafolatlangan dam olish kunlarini ta'minlash maqsadida FIFA ustidan Yevropa sudlariga murojaat qilgan. Molango 64 jamoadan iborat turnir g'oyasini qabul qilib bo'lmasligini, bu shunchaki yozgi o'rtoqlik musobaqasiga o'xshab qolishini ta'kidladi. Shuningdek, u o'tgan yozgi Jahon chempionatida AQSh futbolchisi Folarin Balogun bilan bog'liq vaziyatda diskvalifikatsiya bekor qilinganini «sharmandalik» deb atadi. Uning so'zlariga ko'ra, bunday holatlar futbolning halolligiga putur yetkazadi va muxlislarda korrupsiya haqida noto'g'ri taassurot uyg'otadi. Shveytsariyada tug'ilib, faoliyatini Ispaniyaning «Atletiko Madrid» klubida boshlagan Molango futbolchi sifatida qiyin damlarni boshdan kechirganini ham esladi. U faoliyatini yakunlagach, sport huquqi bo'yicha tahsil olib, «Malorka» klubini boshqargan va keyinchalik Gordon Teylorning o'rniga PFA rahbari etib tayinlangan edi. Intervyu yakunida Molango agar boshqaruv tizimi o'zgarmasa, futbol o'zining asosiy o'rnini yo'qotib qo'yishidan ogohlantirdi. Uning fikricha, qarorlar faqat kelgusi saylovlar uchun emas, balki o'yinning sifati va kelajagi uchun qabul qilinishi shart.
Maeta Molango: «Zamonaviy futbol xavf ostida qolmoqda»

Angliya Professional futbolchilar assotsiatsiyasi (PFA) rahbari Maeta Molango futbol dunyosi jiddiy inqiroz yoqasida turganini bildirdi. Uning ta'kidlashicha, sportning kelajagi uning ommabopligini saqlab qolishga emas, balki faqat ko'proq pul topishga qaratilmoqda. Shuningdek, Molango FIFA faoliyati va JChning kengaytirilishini keskin tanqid qildi.
Manba: The Guardian