Kristian Pulishichning qaychi usulida kiritgan ajoyib goli hamda yosh futbolchi Julian Hollning aniq zarbasi AQSh terma jamoasiga KONKAKAF Millatlar ligasining yarim final yo'llanmasini taqdim etdi. Ushbu uchrashuv Maurisio Pochettino uchun milliy jamoadagi bosh murabbiylik faoliyatidagi so'nggisi bo'ldi. Mayamidagi dastlabki o'yinda Gait ustidan 6:0 hisobida g'alaba qozongan amerikaliklar, Tsinsinatdagi javob bahsida ham ustunlikni boy berishmadi. TQL stadionida kechgan bahsda 2:0 hisobida zafar quchgan maydon egalari, kelgusi yil mart oyida bo'lib o'tadigan yarim finalda Yamayka yoki Meksika terma jamoalariga qarshi bahs olib boradigan bo'ldi. Bu g'alaba Mauricio Pochettino uchun ikki yillik faoliyatiga yorqin yakun yasash imkoniyatini berdi. Argentinalik mutaxassis endi Premyer-liga grandi «Manchester Yunayted» boshqaruvini qo'lga olish uchun yo'l olmoqda. Pochettino AQSh terma jamoasidan 23 g'alaba, 2 durang va 12 mag'lubiyat qayd etgan holda ketmoqda. Jamoa JChda Belgiyadan uchralgan mag'lubiyatdan keyin qatorasiga oltita o'yinda zafar quchdi. Dekabr oyidagi o'quv-mashg'ulot yig'ini vaqtida jamoani AQSh U-23 terma jamoasi ustozi Stiv Cherundolo boshqarib turadi, doimiy bosh murabbiy nomi esa keyinroq e'lon qilinadi. Pochettino bilan munosabatlari vaqti-vaqti bilan murakkablashib turgan Kristian Pulishich uchrashuvdagi asosiy yulduzga aylandi. U 25-daqiqada Veston Makkennining uzatmasini akrobatik sakrash bilan darvozaga joylab qo'ydi. Bu «Milan» hujumchisining chorak finaldagi uchinchi goli bo'ldi. Birinchi bo'lim yakunlanishiga ikki daqiqa qolganida Veston Makkenni yana bir ajoyib uzatma amalga oshirdi. Himoyachilar ortiga tashlab berilgan to'pni 18 yoshli Julian Holl qabul qilib, hisobni 2:0 ga yetkazdi. «New York Red Bulls» hujumchisi bu bilan AQSh safidagi oltita o'yinda beshinchi golini urdi. Milliy jamoa safida 19 yoshga to'lguniga qadar faqat Kristian Pulishichgina (7 ta gol) undan ko'proq gol urgan xolos.