Pyer Sajning «Kristal Pelas» klubidan ketishi rasman tasdiqlanmagan bo'lsa-da, uning sobiq jamoasi «Lans»ga qaytish ehtimoli ingliz klubiga katta miqdordagi kompensatsiyani tejab qolishga yordam berishi mumkin. Mutaxassisni lavozimidan ozod etish qarori yakshanba oqshomida «Liverpul»dan 3:1 hisobida mag'lubiyat uchralgach qabul qilingan edi. Bu «Pelas»ning APLdagi ketma-ket to'rtinchi mag'lubiyati bo'lib, jamoani 2017 yildan beri ilk bor turnir jadvalining so'nggi pog'onasiga tushirib yubordi. Dushanba kungi xabarlarga qaramay, Saj hali rasman ishdan bo'shatilmadi va uning uch yillik shartnomasi bo'yicha kompensatsiya masalasida muzokaralar davom etmoqda. Biroq «Lans» Chempionlar ligasida «Komo»dan 9:1 hisobida sharmandali mag'lubiyatga uchrab, shundan so'ng Liga 1 doirasida «Marsel»ga 2:1 da yutqazgach, Yannik Kauezak seshanba kuni iste'foga chiqarildi. Bu esa Pyer Sajning Fransiyaning shimoliga tezkor tarzda qaytish ehtimolini ochdi. «Lans» egasi va prezidenti Jozef Ugurlian Saj yozda APLdagi «orzu» qilgan ishiga ketganidan beri u bilan yaqin aloqani saqlab kelgan. Saj qo'l ostida Fransiya kubogini yutib, Liga 1 da ikkinchi o'rinni egallagan «Lans» rahbariyati mavsumni o'z iziga tushirish uchun uni qayta tayinlashni ma'qul ko'rmoqda. Agar bu amalga oshsa, «Kristal Pelas» yozda Oliver Glasnerning o'rniga Sajni olib kelish uchun 4 million funtdan ortiq mablag' sarflagan bo'lsa-da, hozirda tovon puli to'lashdan qutulib qolishi mumkin. Kauezak sentyabr oyi o'rtalarida atigi to'rtta o'yindan keyin ishdan bo'shatilgan Dino Toppmollerning o'rniga yordamchi murabbiylikdan bosh murabbiylikka ko'tarilgandi. Biroq uning ustidan bosim kuchayib ketgan va «Marsel»ga qarshi o'yindan oldin muxlislar futbolchilarni «sharmandalik» deb atovchi banner ochishgan edi. Pyer Pelasda vaziyatni o'zgartirish uchun yana vaqt berilishiga umid qilgan bo'lsa-da, o'tgan oy azaliy raqib «Brayton»dan qabul qilingan 5:0 hisobidagi mag'lubiyatdan keyin jamoada sezilarli o'zgarishlar ko'zga tashlanmadi. Ayrim futbolchilar uning mashg'ulot usullarini shubha ostiga olgani aytilsa-da, boshqalar «Liverpul»ga qarshi o'yindan so'ng unga qo'llab-quvvatlash xabarlarini yuborgani xabar qilingan. Hozirda Tomas Frank «Kristal Pelas»ni boshqarish uchun asosiy da'vogar bo'lib turibdi. Sobiq «Tottenhem» va «Brentford» ustozi yangi chaqiruv izlayotganini bildirgan va u yozda Saj tayinlanishidan oldin ham klub bilan muzokaralar o'tkazgandi. Shuningdek, Shon Daych va Vitor Pereyra muqobil variantlar sifatida ko'rilmoqda, Eddi Xau esa so'nggi haftalardagi dastlabki murojaatni rad etgani taxmin qilinmoqda.