Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasidagi 23 yillik faoliyatini yakunlagach, mamlakat futboli o'z tarixidagi yangi va sinovli davrga yuz tutdi. 234 ta uchrashuv o'tkazib, 146 ta gol urgan 7-raqamli hujumchi portugaliyaliklar uchun shunchaki eng yaxshi futbolchi emas, balki milliy g'urur ramzi va sportdagi asosiy qiyofa edi. Shanba oqshomida jamoa o'z tarixida ilk bor Ronaldusiz maydonga tushadi. Portugaliya futbol federatsiyasi va marketing mutaxassislari faqat ajoyib o'yinchini emas, balki dunyodagi eng yirik sport brendlaridan birini yo'qotayotganini ta'kidlashmoqda. Portugaliya marketing instituti ijrochi direktori Daniel Saning fikricha, mamlakat aynan CR7 tufayli efir qarshisiga yig'ilgan millionlab muxlislarni jalb qilish uchun yangi yo'llarni topishi kerak. Mutaxassisning baholashicha, Ronalduning shaxsiy brendining o'zi 850 million yevroga baholanadi. Sportchining yoshligi, Lisbon xotiralari va og'ir mehnat evaziga erishgan muvaffaqiyatlari millionlab insonlarga yaqin kelgan. “Sport nuqtai nazaridan, dunyoning katta qismi Portugaliya o'yinlarini aynan Krishtianu uchun tomosha qilganiga shubha yo'q”, — deydi u. Shanxay Shenhua texnik direktori Leonel Pontes ham bu holatni Xitoydagi kundalik hayotida yaqqol ko'rishini aytadi. U Ronalduning Sporting akademiyasidagi ilk qadamlarida va terma jamoadagi faoliyatida ustozlik qilgan. uning fikricha, Ronalduning terma jamoadan ketishi muayyan xatolar bilan kechdi va mamlakat afsonani munosib tarzda kuzatib qo'yish imkoniyatini boy berdi. Endi Portugaliya terma jamoasida Vitinya, Brunu Fernandesh, Joan Neves, Nuno Mendesh va Diu Koshta kabi yuqori saviyadagi yulduzlar yetarli. Ronaldu bilan 2003-2008 yillarda birga o'ynagan Petit bu yosh avlod endi mas'uliyatni o'z zimmasiga olishi kerakligini ta'kidladi. Ronalduning jamoadagi o'rnini faqat uning gollari yoki 7-raqamli libos bilan almashtirib bo'lmaydi. Uning fidoyiligi, jarohat bilan ham maydonga tushgani va g'alabaga bo'lgan chanqoqligi yoshlar uchun namuna bo'lib qoladi. Manishe va Dany Mota kabi sobiq jamoadoshlari uning har qanday qiyinchilikni g'alabaga aylantira oladigan noyob mentalitetiga yuqori baho berishdi. Portugaliya Ronaldu bilan birgalikda Yevropa chempionligini qo'lga kiritib, tarixiy natijalarga erishdi. Endi 41 yoshli futbolchi Al-Nasr safida klubdagi faoliyatini davom ettirayotgan bir paytda, uning vatani aynan shu buyuk meros va yetakchisiz yangi marralarni zabt etish sinovidan o'tishi kerak bo'ladi.