«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrikning iste'foga chiqarilishi klub muxlislari o'rtasida qizg'in muhokama va turli xil hissiyotlarni keltirib chiqardi. «The Guardian» nashri jamoaning ashaddiy ishqibozlari o'z fikrlari bilan o'rtoqlashib, «Old Trafford»dagi vaziyat nafaqat murabbiyda, balki klub rahbariyatining tizimli xatolarida ekanini ta'kidlashdi. Klubni 90-yillardan beri qo'llab-quvvatlab kelayotgan muxlislardan biri Kerrikning ketishini og'ir vaziyatning ach yakuni deb atadi. Uning so'zlariga ko'ra, Kerrik klubdagi yagona yoqimli inson bo'lgan, biroq stadiondagi muhit o'ta zaharli tus olgan. Muxlislar yaxshiroq rahbariyat, to'g'ri munosabat va yuqori standartlarga loyiqligini, biroq bugungi tizim o'zgarmaguncha omadsizliklar davom etishini bildirishdi. Ayrim ishqibozlar rahbariyat vakillari — Uilkoks, Berada va Jim Ratkliff o'zlarini iste'foga chiqarishi kerakligini ta'kidlashdi. Ularning fikricha, barcha muammolarning asosiy sababchisi aynan rahbarlar bo'lib, ular transfer siyosatida yana xatoga yo'l qo'yishgan. Jamoaga markaziy himoyachi va chap qanot himoyachisi suvdek zarur bo'lgan bir paytda, klub yana bir nechta yarim himoyachilarni sotib olgani tanqid qilindi. Ko'pchilik muxlislar Ser Aleks Fergyuson iste'foga chiqqanidan beri kelgan bir nechta murabbiylar qatorida Kerrik ham qurbon bo'lganini ta'kidlashdi. Muxlislar rahbariyat o'zini o'zi ishdan bo'shata olmagani uchun faqat murabbiyni o'zgartirish oson yo'l ekanini va bu zanjirli reaksiya doimiy takrorlanib kelayotganidan noroziligini yashirmadi. Shuningdek, so'nggi yillarda «Manchester Yunayted»da qisqa muddatli rejalarga tayanib ish tutilayotgani asosiy muammo sifatida ko'rsatildi. Kerrik ham vaqtincha murabbiy sifatidagi yaxshi natijalari uchun doimiy shartnoma olgan edi, biroq uzoq muddatli qurilish tamoyillari inobatga olinmagani ta'kidlandi. Ba'zi muxlislar vaziyat shunchalik jiddiyligini aytib, Glazeyrlar oilasi va klub siyosatiga qarshi stadionga borishni to'xtatish yoki boykot e'lon qilish g'oyasini ilgari surishdi. Ularning fikricha, rahbariyatni faqatgina moliyaviy daromadlar qiziqtiradi va daromad manbai to'xtatlargina tub o'zgarishlar yuzaga kelishi mumkin. Umuman olganda, muxlislar Maykl Kerrikning harakatlari va klubga sodiqligini yuqori baholashsa-da, mavjud transfer siyosati va rahbariyatning noto'g'ri qarorlari jamoani chuqur inqirozga botirib qo'yganini bir ovozdan e'tirof etishmoqda.