Angliya Premyer-ligasining quyi ligaga tushib ketish zonasida borayotgan «Manchester Yunayted» klubi atrofidagi muhokamalar tinmayapti. Sky Sports nashrining bosh muxbiri Kaveh Solhekol muxlislarni qiziqtirgan eng og'riqli savollarga javob qaytarib, Old Trafforddagi mavjud inqiroz sabablarini tahlil qildi. Muxlislardan biri klubni sotish ehtimoli haqida so'raganda, Solhekol Gleyzerlar oilasi jamoani sotish niyatida emasligini ta'kidladi. Agar ularning aksiyalarini sotib olish istagi bo'lsa, xaridor milliardlab mablag' taklif qilishi kerak bo'ladi. Shuningdek, Ser Jim Ratkliffga tegishli 30 foizlik aksiyalarni sotib olish ham huquqiy jihatdan murakkab jarayon ekanligi qayd etildi. Yaqin Sharq konsorsiumlarining ehtimoliy xaridlari haqidagi savolga javob berarkan, mutaxassis qatarlik Shayx Jassim avvalroq klub qarizlarini to'liq yopishni rejalashtirganini, biroq Gleyzerlar so'ragan narxni o'ta baland deb topib, muzokaradan voz kechganini eslatdi. Hozirgi kunda esa mintaqadagi iqtisodiy beqarorlik tufayli yangi xaridorlar paydo bo'lishi amalda dargumon. «Manchester Yunayted»ning avvalgi nufuzini yo'qotgani haqidagi fikrga qo'shilgan holda, Solhekol klub boylik va mavqe bo'yicha nafaqat Real Madrid va Barselona, balki Angliyadagi Arsenal, Liverpul hamda Manchester Siti kabi raqobatchilardan ham ortda qolganini bildirdi. Shunga qaramay, OAV va muxlislar e'tibori hamon qizil iblislar atrofida balandligicha qolmoqda. Bosh murabbiy Maykl Kerrikning taqdiri va uni iste'foga chiqarish masalasiga to'xtalarkan, mutaxassis rahbariyat uni vaqtinchalik lavozimda yaxshi natija ko'rsatgani uchun tanlaganini, biroq mavsumdagi omadsizliklar ortidan bu qaror xato bo'lgani yaqqol sezilayotganini aytdi. Solhekolning fikricha, Kerrikka nisbatan so'nggi paytlarda bo'layotgan munosabat adolatsizlikdir, chunki muammolarning ildizi yillar davomida yo'l qo'yilgan xato transfer siyosatiga borib taqaladi. Shuningdek, klub bosh direktori va sport direktori Ser Jim Ratkliff bilan uchrashib, Kerrikni almashtirishni tavsiya qilishi kutilayotgani aytildi. Ligasida 18-o'rinni egallab turgan jamoada transfer strategiyasi mutlaqo noto'g'ri tuzilgani, yillar davomida himoya, yarim himoya va hujum chiziqlarining o'zagini shakllantirish o'rniga tartibsiz xaridlar amalga oshirilgani jiddiy tanqid qilindi.
Kaveh Solhekol muxlislarning «Manchester Yunayted» bo'yicha savollariga javob berdi

Sky Sports jurnalisti Kaveh Solhekol «Manchester Yunayted» atrofidagi vaziyat, Maykl Kerrikning kelajagi va klubdagi inqirozli holat yuzasidan muxlislarning savollariga javob berdi. Uning so'zlariga ko'ra, jamoaning hozirgi qiyin ahvoli va transfer siyosatidagi xatolar rahbariyatni jiddiy o'ylantirib qo'ygan.
Manba: Sky Sports