Sky Sports eksperti Jeymi Karrager «Nyukasl Yunayted»ning o'yinini keskin tanqid qilib, jamoani og'ir mavsum kutayotganini aytdi. «Everton»ga qarshi o'tkazilgan bahsdan so'ng mezbonlar o'z muxlislari tomonidan hushtakbozlik bilan kuzatib qo'yilgandi. Eslatib o'tamiz, «St Jeyms Park» stadionida kechgan uchrashuvda Tiyerno Barrining ikkinchi bo'limda urgan yagona goli «Everton»ga g'alaba keltirgandi. Bu natija Matyias Daysler jamoasining so'nggi beshta o'yindagi to'rtinchi mag'lubiyati bo'ldi. Ushbu mag'lubiyatdan keyin «Nyukasl» turnir jadvalida 13-pog'onaga tushib ketdi. Jamoa xavfli hududdan atigi to'rt ochko farq bilan oldinda bormoqda va navbatdagi turni safarda «Fulhem»ga qarshi o'tkazadi. Karragerning fikricha, jamoaning o'yini, ayniqsa o'z uyidagi harakatlari juda sekin va zerikarli tus olgan. U Matyias Daysler boshqaradigan «Red Bull» uslubidagi jamoalardan agressiv va shiddatli o'yin kutganini, biroq hozircha bu narsa ko'rinmayotganini ta'kidladi. Statistikaga ko'ra, 2026-yilda APLda «Nyukasl»dan ko'ra o'z uyida ko'p mag'lub bo'lgan jamoaning o'zi yo'q (7 ta). Shuningdek, jamoa o'z maydonidagi oxirgi 14 ta o'yindan beri birorta ham o'yinni quruq o'tkaza olmayapti. Bosh murabbiy Matyias Daysler ham o'yindan keyingi intervyusida jamoasi 90 daqiqa davomida o'z uslubini ko'rsata olmaganini tan oldi. Uning so'zlariga ko'ra, futbolchilar maydonda yetarlicha jasorat ko'rsatishmagan va ko'p holatlarda uzun uzatmalar bilan o'ynashga majbur bo'lishgan. Daysler hozirgi vaqtda jamoada ishonch biroz pasayib ketganini, bu yoshlar bilan bir қаtorda tajribali o'yinchilarda ham sezilayotganini aytdi. U muxlislarning haqli ravishda norozilik bildirganini tushunishini va barcha mas'uliyatni o'z zimmasiga olishini ta'kidladi.