Zamonaviy ayollar futbolida homiladorlikka nisbatan yondashuvlar keskin o'zgarib bormoqda. Ilgari bu holat sportdagi faoliyatning yakuni sifatida ko'rilgan bo'lsa, bugungi kunda ko'plab futbolchilar ona bo'lishni faoliyatning davomi va yangi bosqichi sifatida qabul qilmoqda. Shotlandiya terma jamoasi va «Angel City FC» hujumchisi Kler Emsli homiladorlik davrida ham o'z mashg'ulotlarini davom ettirib, ko'plab afsonalarga barham berdi. Emsli homiladorligining 32-haftasida ham o'zining maksimal tezligining 81 foizida yugura olganini ta'kidlaydi. U o'g'li Jeymini 2025 yilning dekabr oyida dunyoga keltirgan va 2026 yilning may oyiga kelib rasmiy o'yinlarga qaytgan. U oktyabr oyida Shotlandiya terma jamoasi safida, shu oyda esa klubi safida o'z gollarini urishga muvaffaq bo'ldi. Uning so'zlariga ko'ra, homiladorlik davrida ham professional darajada shug'ullanish tananing imkoniyatlari qanchalik kengligini ko'rsatadi. Mutaxassislar va fizioterapevtlarning fikricha, ilgari homiladorlik davrida yuqori yuklamali sport turlaridan qat'iy chekinish talab etilgan. Xususan, 12 haftadan so'ng barcha jismoniy kontaktlar taqiqlanishi uqtirilgan edi. Biroq FIFA tomonidan iyul oyida taqdim etilgan «Stay in Play» (O'yinda qol) qo'llanmasi bu qarashlarni o'zgartirdi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatmoqdaki, shifokorlarning ruxsati bilan ikkinchi trimestrgacha kam kontaktli va moslashtirilgan mashg'ulotlarni davom ettirish mumkin. Ayollar futboli bo'yicha tadqiqotchi va fizioterapevt Sinéad Dufour ayollarning jismoniy chidamliligi haqidagi eskicha qarashlar endilikda ilm-fan tomonidan rad etilayotganini ta'kidlaydi. Uning fikricha, homiladorlik ayol organizmi uchun ulkan sinov bo'lsa-da, to'g'ri yondashuv va ilmiy asoslangan tavsiyalar tufayli sportchilar tug'uruqdan keyin ham o'zlarining eng yaxshi sport formalariga qaytishlari mumkin. Shuningdek, «Newcastle United» futbolchisi Emma Kelli ham homiladorlik davrida duch kelgan qiyinchiliklari bilan bo'lishdi. U kutilmaganda homilador bo'lganida dastlab tushkunlikka tushganini, biroq klubi unga zarur sharoitlarni yaratib berganini aytdi. Garchi u xavfsizlik nuqtai nazaridan kontaktli o'yinlarni darhol to'xtatgan bo'lsa-da, jismoniy mashg'ulotlarni davom ettirgan. Shu bilan birге, futbolchilar bu yo'lda ayrim qurbonliklarga borishga majbur bo'lishlarini yashirishmaydi. Xususan, homiladorlik vaqtida shartnomalar masalasi, klublarning munosabati va kelajakdagi noaniqliklar futbolchilar uchun ma'lum bir bosim tug'dirishi mumkin. Shunga qaramay, zamonaviy ilm-fan va yangi qoidalar ayol futbolchilarga ona bo'lish bilan birga o'z sevimli sport turini davom ettirish uchun keng yo'l ochmoqda.