«Bavariya» klubi hujumchisi Harri Keyn Uemblida Xorvatiya terma jamoasiga qarshi bahsda Angliya erkaklar terma jamoasi safida o'zining tarixiy 126-uchrashuvini o'tkazishga tayyorlanmoqda. Biroq xalqaro futbolning global tarixi nuqtai nazaridan qaraganda, uning bu rekord ko'rsatkichi boshqa mamlakatlar afsonalari bilan solishtirganda nisbatan kamtarona ko'rinishi mumkin. Xususan, Keyn Dani Alves, Eden Azar va Paolo Maldini kabi futbolchilarning 126 ta o'yindan iborat natijasiga tenglashmoqda. Ushbu yulduzlarning hech biri o'z mamlakatlari milliy jamoasida eng ko'p o'yin o'tkazish bo'yicha peshqadam emas. Kevin De Bryuyne yoki Luish Figu 127 tadan, Manuel Noyer esa 128 ta o'yin o'tkazgan bo'lib, ular ham ro'yxatning eng yuqori qismida turishmaydi. Angliya sardorining Yevropa futbolidagi xalqaro o'yinlar bo'yicha kuchli elliktalikka kirishi uchun kelgusi yilgacha kutishiga to'g'ri keladi. Taqqoslash uchun, bu ko'rsatkichlar faqat erkaklar futboliga tegishli xolos. Ayollar futbolida Fara Uilyams Angliya ayollar terma jamoasi safida 127 ta emas, naqd 172 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, Jill Skott (161), Lyusi Bronz (148), Karen Karni (144), Aleks Skott (140), Kasey Stoni (130) va Reychel Yenki (129) kabi futbolchilar ham o'yinlar soni bo'yicha Harri Keyndan oldinda turishadi. Biroq bu holat Harri Keynning erishgan yutuqlarini aslo qadrsizlantirmaydi, aksincha uning qadrini yanada oshiradi. Kengroq kontekstda qaraganda, Angliya erkaklar terma jamoasi safida bunchalik ko'p o'yin o'tkazish qanchalik qiyin bo'lganini tushunish qiyin emas. 1966 yilgi JCh g'alabasi va Keyning 2015 yil martidagi debyuti orasidagi 49 yil davomida jamoaning yutuqlari cheklangan va raqobat juda kuchli bo'lgan. Ko'p o'yin o'tkazishning eng yaxshi yo'li yirik turnirlarda uzoqqa borish hisoblanadi, biroq Angliya so'nggi o'n yilgacha buni muntazam ravishda amalga oshira olmagan. Angliya terma jamoasining eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchisi shunchaki umumiy raqamlar bilan cheklanib qolmaydi. Keyn yirik turnirlarda 36 ta uchrashuv o'tkazib, ingliz futbolchilari orasida mutlaq rekordchi hisoblanadi. U Yevropa chempionatlarida 18 ta o'yin bilan peshqadamlik qilmoqda va JChda Jordan Pikfordning 19 ta o'yinlik rekordidan atigi bitta o'yinga ortda qolmoqda. Keyen yaqinda «Bavariya» bilan shartnomasini 2029 yilgacha uzaytirgani bois, uning 2030 yilgi Jahon chempionatida 36 yoshida ham o'z ko'rsatkichlarini yaxshilashi ehtimoldan xoli emas. Shuningdek, u Angliya terma jamoasi safida boshqa har qanday futbolchidan 20 tadan ortiq rasmiy o'yin o'tkazgan. Zamonaviy davrda Millatlar ligasining joriy etilishi futbolchilarga xalqaro miqyosda ko'proq rasmiy o'yinlarda qatnashish imkoniyatini berdi. Ilgari o'yinlar ko'pincha o'rtoqlik uchrashuvlari bilan band bo'lgan. O'tgan asr futbolchilari esa saralash o'yinlarida ham kamroq qatnashishgan. Masalan, Billi Rayt 1946–1959 yillar oralig'ida 105 ta o'yin o'tkazgan bo'lsa-da, atigi 10 ta Jahon chempionati saralashida qatnashgan. Billi Rayt bilan yana bir qiziqli taqqoslash mavjud. O'zining debyutidan oxirgi o'yinigacha bo'lgan davrda Angliyaning 108 ta o'yinidan 105 tasida qatnashgan «Vulverxempton» afsonasi o'z xalqaro faoliyatidagi imkoniyatlarning 97 foizida maydonga tushgan. Zamonaviy davrda dam olish, tiklanish va rotatsiyaga berilayotgan katta e'tibor tufayli hech bir futbolchi bu ko'rsatkichga yaqinlasha olmaydi. So'nggi yillarda kamida 50 ta o'yin o'tkazganlar orasida Dez Uoker 92 foiz, Devid Platt 82 foiz ko'rsatkich qayd etgan. Bu Plattni Keyndan (81%) biroz oldinga olib chiqadi, biroq Keynning milliy jamoadagi faoliyati Uoker va Plattning qo'shma davridan deyarli kam emas. Premyer-liga davrida hech kim o'n yil davomida Keynchalik muntazam o'ynamagan. Keyn o'tkazib yuborgan 29 ta o'yinning 12 tasida zaxirada qoldirilgan. Qolgan 17 tadan 12 tasi o'rtoqlik o'yinlari va biri Millatlar ligasining quyi divizioniga to'g'ri keladi. Muhim o'yinlarga chaqirilganda Keyn deyarli har doim tayyor bo'lgan. Albatta, Andorra, Kosova, Latviya, Litva, Malta va San-Marino kabi jamoalarga qarshi o'yinlarda maydonga tushish uning jismoniy holatiga qanday ta'sir qilgani noma'lum. Biroq aniq bo'lgan narsa shuki, zamonaviy davrda Angliya terma jamoasiga Harri Keynchalik sadoqatli va muhim bo'lgan boshqa futbolchi bo'lmagan. Uning rekordlari buni yaqqol ko'rsatib turibdi.