Sky Sports telekanali eksperti Gari Nevillning fikricha, Maurisio Pochettinoning «Manchester Yunayted»dagi kelajagi va muvaffaqiyati uning transfer siyosatida yetakchi rol o‘ynashiga bevosita bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, argentinalik mutaxassis iste'foga chiqarilgan Maykl Kerrikning o‘rnini egallagan edi. Hozirda «qizil iblislar» Premyer-liga turnir jadvalining quyi qismida, ya'ni qolib ketish hududida bormoqda. Nevill Pochettinoning ashaddiy muxlislaridan biri bo‘lsa-da, u yangi bosh murabbiy jamoada jiddiy o‘zgarishlar qilishini va transferlar masalasida o‘zini himoya qilishi zarurligini ta'kidladi. Sobiq futbolchining so‘zlariga ko‘ra, Pochettino rahbariyatdan katta transfer mablag‘larini talab qilgan bo‘lishi aniq. Ayniqsa, himoya chizig‘ini darhol kuchaytirish talab etiladi. «U o‘zi ishlayotgan odamlarga qarshi o‘zini himoya qilishi kerak. Pochettino klub taqdirini o‘z qo‘liga olishi, yanvar oyida himoyani, yozda esa yarim himoya hamda hujum chizig‘ini yaxshilash uchun aniq mablag‘ talab qilishini ta'minlashi shart», — dedi Nevill Sky Sports News nashriga bergan intervyusida. Ekspertning fikricha, jamoaning mavjud tarkibi talabga javob bermaydi. U faqatgina Kobbi Mainuagina ishonch uyg‘otayotganini ta'kidlab, himoya chizig‘ini butunlay yangilash, markaziy hujumchi va ehtiyot shart darvozabon sotib olish zarurligini bildirdi. Umuman olganda, jamoani raqobatbardosh qilish uchun taxminan 10 ta yangi futbolchi kerak bo‘ladi. Nevill shuningdek, so‘nggi 13 yil davomida Devid Moyes, Lui van Gal, Joze Mourino, Erik ten Xag va Ruben Amorim kabi turli darajadagi mutaxassislar Old Traffordda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini eslatib o‘tdi. Uning fikricha, bu tarix Pochettinoga jiddiy saboq bo‘lishi va u klubga toza sahifadan boshlab kelishi kerak. Shunga qaramay, Gari Nevill hamon Pochettinoning salohiyatiga ijobiy baho berib, u matbuot bosimiga bardosh bera olishi va yosh futbolchilar bilan ishlay olishini ta'kidladi. Lekin murabbiy oldida turgan vazifa juda ulkan ekanini va bu jamoani uyg‘otish uchun katta vaqt talab etilishini qayd etdi.