Football Leaks asoschisi va fosh etuvchi Rui Pintuning huquqshunoslari Buyuk Britaniya rasmiylari bilan potentsial hamkorlik kelishuvi bo'yicha muzokaralarni boshlab yubordi. Unga ko'ra, Manchester City ishi bo'yicha ma'lumotlarni qo'lga kiritgan shaxs Buyuk Britaniyada sodir etilgan jiddiy moliyaviy hamda sport jinoyatlarini fosh qilishda yordam berish evaziga o'ziga xavfsizlik va himoya talab qilmoqda. Olingan ma'lumotlarga tayanib, Buyuk Britaniyadagi Serious Fraud Office (Jiddiy firibgarliklarga qarshi kurashish idorasi) Pintu bilan aloqaga chiqqan. Edvard Snouden va Julian Assanj kabi mashhur shaxslarni himoya qilgan Pintuning advokati Uilyam Burdon jarayon boshlanganini tasdiqlagan, biroq hozircha boshqa tafsilotlarni oshkor etmagan. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, Football Leaks asoschisi futbol olami, yuridik firmalar va yirik tadbirkorlar ishtirokidagi moliyaviy jinoyatlarni tergov qilishda muhim ma'lumotlar manbaiga aylanishi mumkin. Pintu 2015-2019 yillar oralig'ida o'ta maxfiy bo'lgan o'n millionlab fayllarni to'plagan bo'lib, ular orasida soliq jinoyatlari va boshqa qoidabuzarliklarga oid yashirin dalillar mavjud. Bu holat portugaliyalik fosh etuvchining kelajagi Portugaliyadagi guvohlarni himoya qilish dasturi doirasida noma'lum bo'lib qolayotgan bir paytda yuz bermoqda. Pintu bungacha futbol sanoatining eng yashirin sirlarini, jumladan Krishtianu Ronaldu soliq ishlari, Yevropaning yetakchi klublarining Yevropa Superligasini tuzish rejalari va boshqa munozarali moliyaviy kelishuvlarni ommaga oshkor qilgandi. Uning fosh qilishlari bir nechta mamlakatlarda klublar va futbolchilarga qarshi tergov ishlarining boshlanishiga turtki bo'lgan edi. Jumladan, uning to'plagan hujjatlari Premyer-liganing Manchester City klubiga nisbatan moliyaviy qoidabuzarliklar bo'yicha olib borgan tergovida ham qo'l kelgandi. Pintu to'plagan ma'lumotlarning nusxalari Fransiya rasmiylarida ham mavjud bo'lib, ular ilgari uni guvohlarni himoya qilish dasturiga kiritishga harakat qilishgan. Portugaliya politsiyasining uni 2019 yil yanvarida Vengriyada qo'lga olishi bu rejalarga ta'sir ko'rsatgan bo'lsa-da, Fransiya tomoni u bilan aloqani saqlab qolgan. Hozirda 38 yoshli Pintu o'z xavfsizligi va kelajagi borasida yangi choralarni ko'rib chiqishga majbur bo'lmoqda, chunki uning Portugaliyadagi guvohlarni himoya qilish dasturidagi muddati o'z nihoyasiga yetmoqda. Pintuning tarafdorlari uni korruptsiyani yoritgan qahramon sifatida baholasa, tanqidchilar uning usullarini qonuniy va axloqiy me'yorlarga zid deb hisoblaydi. Uning oshkor qilgan ma'lumotlari nafaqat futbol, balki biznes olamidagi boshqa yirik voqealarga ham daxldor bo'lgan. Hozirda Buyuk Britaniya rasmiylari bilan olib borilayotgan muzokaralar uning kelgusidagi taqdiri va xalqaro tergovlardagi ishtiroki qanday davom etishini hal qiluvchi muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.