BBC Sport xabariga ko'ra, FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionati aksiyalarini xususiy investorlarga sotish bo'yicha barbod bo'lgan rejasiga oid hujjatlar tashkilot Kengashi a'zolariga taqdim etiladi. O'tgan oyda UEFA dunyo futbol boshqarmasiga janjalli FIFA Forward Enterprise (FFE) taklifi tafsilotlarini oshkor qilish hamda uning boshqaruvi va qaror qabul qilish jarayonlariga oid savollarga javob berish uchun 2-noyabrgacha muddat bergan edi. Ushbu talab Kengash yig'ilishidan so'ng qo'yilgan bo'lib, o'shanda Infantino bekor qilingan sotuv rejasi uchun uzr so'ragan, biroq taklif qanday ishlab chiqilganiga to'liq tushuntirish bermagan holda savollarni yozma ravishda taqdim etishni so'ragandi. Evropa futbol boshqarmasi belgilagan muddat tugashiga sanoqli soatlar qolganda, FIFA bosh kotibi Mattias Grafstrom Kengash a'zolariga xat yo'llab, ular ma'lum shartlar asosida va faqat Syurixdagi tashkilot bosh qarorgohida shaxsan o'zlari hujjatlarni ko'zdan kechirishlari mumkinligini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, bu maxfiylik majburiyatlarini saqlab qolish uchun qilingan bo'lib, Kengash a'zolaridan kelasi ikki hafta ichida qog'ozlar bilan tanishish istagini ro'yxatdan o'tkazish so'ralgan. Hozircha qaysi hujjatlar taqdim etilishi aniq emas. BBC Sport ma'lumotlariga ko'ra, FIFA Ozarbayjonda yangi yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatini tashkil etish va shu oy oxirida bo'lib o'tadigan navbatdan tashqari kongressga tayyorgarlik ko'rayotgan bir paytda, UEFAning 100 dan ortiq savolga ikki hafta ichida javob berish talabini bajarib bo'lmaydigan vazifa deb hisoblagan. Shuningdek, manbalarning ta'kidlashicha, FIFAning ba'zi savollarga javob berish imkoniyati UEFA oktyabr oyida AQShda boshlagan sud jarayoni bilan cheklangan. UEFA dalillar va hujjatlarni oshkor qilishni talab qilib, Shveytsariyada jinoiy ish ochishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. O'tgan oyda UEFA FIFAga bir qator fundamental savollarga javob bermagani haqida ma'lum qilgan edi. Xatda FFE va milliy assotsiatsiyalarni moliyalashtirishdan tortib, AQSh Prezidenti Donald Trumpga FIFA tinchlik mukofotining berilishi va Jahon chempionatida AQSh hujumchisi Folarin Balogunga berilgan munozarali to'xtatib turish jazosigacha bo'lgan masalalarni o'z ichiga olgan sakkiz sahifalik savollar joy olgandi. UEFA maktubida aytilishicha, FFEning chaqirib olinishi, xatolarning tan olinishi va potentsial boshqaruv islohotlarining e'lon qilinishi tegishli qarorlar qanday qabul qilingani yoki nima uchun FIFA Kengashi tegishli bosqichda jalb etilmaganiga javob bo'la olmaydi. Bu savollar hoziroq javob talab qiladi va ularni FIFA Kengashining navbatdagi yig'ilishigacha qoldirib bo'lmaydi. UEFA FIFA belgilangan muddatni bajarmasa qanday qadamlar qo'shmoqchi ekanini ochiqlamagan, biroq kelgusi yilgi prezidentlik saylovlarida Infantinoga qarshi chiqmoqchi bo'lgan nomzodlar o'z nomzodini tasdiqlashi uchun oxirgi muddat bo'lgan 18-noyabrgacha unga bosimni kuchaytirishga umid qilgan.