Xabarlarga ko'ra, FIFA Xalqaro olimpiya qo'mitasidan ayollar o'rtasidagi Olimpiada futbol turnirini 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar bilan cheklashni so'ramoqda. Bunga kalendardagi tirbandliklar va asosiy tarkib futbolchilarining haddan tashqari ko'p yuklama ostida qolayotgani sabab qilib ko'rsatilmoqda. Los-Anjelesda o'tadigan 2028-yilgi Olimpiya o'yinlari uchun saralash turnirlari allaqachon boshlanib ulgurgani sababli, mazkur qoidaga yaqin vaqt ichida o'zgartirish kiritib bo'lmaydi. Shu boisdan har ikkala tashkilot manbalarining ta'kidlashicha, yangi tartib eng erta holatda 2032-yilda Brisbeynda bo'lib o'tadigan Olimpiadadan boshlab joriy etilishi mumkin. Hozircha hech qanday rasmiy taklif kiritilmagan bo'lsa-da, FIFA bu masalani XOQ hamda futbolchilar va yetakchi assotsiatsiyalar kabi asosiy manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilishga qiziqish bildirmoqda. Yosh cheklovining kiritilishi musobaqa tabiatini tubdan o'zgartirib yuborishi va chuqur tahlilni talab qilishi aniq. Bunday o'zgarish keskin bahslarga sabab bo'lib, yetakchi xalqaro futbolchilarning noroziligini keltirib chiqarishi mumkin. Sababi, Olimpiada uzoq yillardan beri ayollar taqvimining eng yorqin cho'qqilaridan biri sifatida e'tirof etiladi. Xususan, Parijda o'tgan ikki yil avvalgi o'yinlarda Emma Xays boshchiligidagi AQSh terma jamoasi oltin medalni qo'lga kiritgandi. Shuningdek, ayollar futboli XOQ uchun katta tijoriy jozibaga ega bo'lib, ayniqsa AQSh, Yevropa va Avstraliya bozorlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois XOQ FIFAning bu taklifiga qarshilik ko'rsatishi ham mumkin. Erkaklar futbolidan farqli o'laroq, ayollar futboli 1996-yilda Atlantadagi Olimpiadaga dastlab havaskor maqomida kiritilgan va hech qanday yosh chegaralariga ega bo'lmagan. Erkaklar o'rtasida esa 1992-yildan beri U-23 cheklovi amal qiladi, 1996-yildan buyon esa har bir jamoaga uch nafar yosh chegarasidan oshgan futbolchini kiritishga ruxsat berib kelinmoqda. So'nggi o'n yillikda ayollar futbolining keskin rivojlanishi va professionallashuvi taqvimda yuklamalarning yanada oshishiga olib keldi. Shu o'rinda FIFAning o'zi ham bunga ma'lum ma'noda mas'ul hisoblanadi, chunki tashkilot Olimpiada yilida – yanvar oyida AQShda 16 ta jamoa ishtirokidagi Ayollar o'rtasidagi klublar o'rtasidagi jahon chempionatini o'tkazishni rejalashtirgan. Ushbu turnir Yevropa klublari mavsumiga jiddiy ta'sir ko'rsatib, «Arsenal», «Chelsi» yoki «Manchester Siti» kabi jamoalarning ichki chempionatdagi bir oylik ishtirokiga to'sqinlik qilishi mumkin. Bu esa jamoalarning Ayollar Superligasidagi to'rtta o'yini va Angliya kubogining to'rtinchi raundini o'tkazib yuborishiga olib keladi. Ayollar futbolining XOQ uchun naqadar muhimligini LA-2028 Olimpiadasida ilk bor ayollar turniri erkaklar turniridan kattaroq bo'lishi ham tasdiqlaydi. Unda Parij-2024 dagi ko'rsatkichning aksi o'laroq, 12 ta emas, 16 ta jamoa ishtirok etishi rejalashtirilgan.