Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2030 yilgi Jahon chempionatining AQShdagi telehuquqlarini sotish bo'yicha tender jarayonini rasman boshladi. Ekspertlarning fikricha, bu safargi auksion tashkilot tarixidagi eng qimmat va shiddatli kurashlarga boy bo'lgan savdolardan biriga aylanadi. Dastlabki taxminlarga ko'ra, translyatsiya huquqlari 1,5 milliarddan 2 milliard dollargacha bo'lgan summada baholanishi kutilmoqda. Bu esa sport va o'yin-kulgi olami uchun tub burilish nuqtasi bo'lishi mumkin. Tender jarayonida an'anaviy telekanal gigantlari bilan bir qatorda yirik striming platformalari ham jiddiy kurash olib borishi kutilmoqda. Xususan, Netflix kompaniyasi ushbu huquqlarni qo'lga kiritish uchun asosiy da'vogarlardan biri sifatida ko'rsatilmoqda. Media huquqlari bo'yicha mutaxassislarning ta'kidlashicha, striming giganti kerakli mablag'ni to'lab, eksklyuzivlikni qo'lga kiritishga tayyor turibdi. Shuningdek, birinchi bosqich takliflari uchun belgilangan muddatga qadar Apple TV, Disney, Amazon, YouTube va Dazn kabi raqamli platformalar ham o'z takliflarini taqdim etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Fox, ESPN, NBC Universal va Paramount Skydance kabi an'anaviy teleradiokompaniyalar ham kurashdan voz kechgani yo'q. Biroq ba'zi tahlilchilar an'anaviy kanallar uchun raqobat o'ta qiyin kechishini ta'kidlashmoqda. Bu galgi tenderda FIFA muhim o'zgarishga qo'l urdi. Tashkilot ilk bor ingliz va ispan tillaridagi translyatsiya huquqlarini birgalikda sotuvga chiqardi. Bu holat yagona eksklyuziv xaridorni topishga qaratilgan bo'lib, aynan striming kompaniyalarining manfaatlariga mos keladi. Marokash, Ispaniya va Portugaliya mezbonlik qiladigan mundialda AQSh auditoriyasi uchun noqulay boshlanish vaqtlari bo'lishiga qaramay, narxlar keskin yuqori bo'lishi aniq. Eslatib o'tamiz, avvalgi turnirlarda telekompaniyalar juda katta daromad ko'rgan edi. Xususan, Fox va Telemundo kompaniyalari so'nggi Jahon chempionati davomida reklama savdolari orqali rekord darajadagi foyda keltirgan. Hatto o'yinlar davomidagi tanaffuslar va tomoshabinlar sonining ko'pligi translyatsiyalarning qanchalik serdaromad ekanini ko'rsatgandi. Endilikda 2030 yilgi tender natijalari yaqin haftalarda e'lon qilinishi kutilmoqda.