Bundesgelika doirasida kechgan «Borussiya Dortmund» hamda «Elversberg» uchrashuvi mezbonlar uchun qiyin kechdi. Jismoniy charchoq va o'yinni boshqarishga haddan tashqari e'tibor qaratgani sezilib turgan dortmundliklarni yarim himoyachi Feliks Nmecha qutqarib qoldi. U jarima maydonchasi tashqarisidan kiritgan ikkita ajoyib va kuchli zarbasi evaziga jamoasiga muhim g'alabani taqdim etdi. Sport direktori Ole Buk o'yindan keyin Nmechani o'z pozitsiyasida dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri deb atab, uning texnikasi va zarba berish qobiliyatini yuqori baholadi. Shu bilan birga, Nmechaning gollardan keyingi nishonlash usuli jamoa atrofidagi eski va og'riqli mavzuni yana yuzaga chiqardi. Futbolchi maydonda osmonga ishora qilib, boshidan toj kiyib uni yerga qo'yayotgandek harakatlarni amalga oshirdi. Bu xuddi sentyabr oyida «Paderborn»ga qarshi o'yinda va JChda Kurasaoga gol urgandagidek takrorlandi. Mazkur nishonlash usuli nasroniy guruhlariga, xususan, "Ballers in God" (BIG) tashkilotining "Qirolning qaytishi" kampaniyasiga aloqador ekani aytilmoqda. Germaniyaning ARD teleradiokompaniyasi ushbu guruhni gomoseksuallik va transgenderlik kabi masalalarda o'ta konservativ qarashlar bilan bog'lagan. Shu boisdan «Borussiya Dortmund»ning muxlislar va qo'llab-quvvatlash departamenti maxsus bayonot bilan chiqdi. Unda futbolchilar millionlab yoshlar uchun namuna ekani, agar diniy e'tiqodlar ma'lum bir guruhlarning qadr-qimmatini kamsitish uchun ishlatilsa, buni shunchaki shaxsiy ish sifatida qarab bo'lmasligi ta'kidlandi. Xabarlarga ko'ra, klub rahbariyati futbolchi bilan shu kabi holatlar yuzasidan avvalroq ham muloqot qilgan va bu suhbatlar davom etishi kutilmoqda. Dortmundliklar o'z bayonotida muxlislarning xavotirlarini jiddiy qabul qilishlarini, shu bilan birga o'yinchi bilan bog'liq media muhokamalarini ham e'tiborsiz qoldirmasliklarini bildirishdi. Qizig'i shundaki, klub o'zining rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida Nmechaning mazkur nishonlash marosimi tushirilgan suratlarni qo'llamaslikka harakat qilmoqda. Feliks Nmecha 2023 yilning iyun oyida Jud Bellingemning o'rnini egallash uchun "Volsfburg"dan kelganidan beri uning e'tiqodlari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari doimiy ravishda muhokama markazida bo'lib kelgan. Transfer vaqtida ayrim muxlislar guruhlari uning o'tmishdagi ba'zi postlariga qarshi chiqqan edi. O'sha paytda futbolchining shartnomasida klub qadriyatlariga zid keluvchi ijtimoiy tarmoq postlari uchun jarima solish bandi kiritilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ayni paytda Nmecha Niko Kovach boshchiligidagi jamoaning eng muhim futbolchilaridan biriga aylangan. U Germaniya terma jamoasi safida ham o'zini ko'rsatib, yozda Angliya Premyer-ligasi klublari e'tiborini tortgandi. Shu bois "Borussiya" bir tomondan sportdagi natijalari va moliyaviy kelajagini saqlab qolishga intilsa, ikkinchi tomondan muxlislar bilan yillar davomida shakllangan o'zaro tushunish va hurmat muhitini saqlab qolish uchun ehtiyotkorona qadam tashlashga majbur bo'lmoqda.