Angliya Premyer-ligasining sobiq taniqli hakamlaridan biri Kris Foy The Guardian nashrida chop etilgan tahliliy maqolasida so'nggi tur o'yinlarida yuzaga kelgan eng muhim hakamlik qarorlarini ko'rib chiqdi. Xususan, «Anfild»da kechgan «Liverpul» hamda «Arsenal» uchrashuvidagi eng ko'p muhokamalarga sabab bo'lgan epizodlar mutaxassis e'tiboridan chetda qolmadi. Uchrashuv davomida eng ko'p bahs-munozaralarga sabab bo'lgan holat - «Liverpul» foydasiga penalti belgilanmagani bo'ldi. Maydon hakam Endi Madli va VAR xonasidagi Styuart Ettuell Aleksandr Isak jarima maydonchasida Yurrien Timber tomonidan futbolkasidan tortib to'xtatilgan vaziyatda qoidabuzarlik yo'q deb topishdi. O'yindan keyin «Liverpul» bosh murabbiy Andoni Iraola bu vaziyatda yaqqol penalti bo'lganini ta'kidlagandi. Biroq Kris Foyning qayd etishicha, takroriy lavhalar sekinlashtirilgandagina tortishish yaqqol ko'ringani bilan, o'yin tezligida bu ta'sir minimal bo'lgan va hujumchining harakatiga jiddiy ta'sir ko'rsatmagan. Premyer-ligada kontaktlarni baholash uchun belgilangan talablar yuqori ekani va VAR asosiy qarorni o'zgartirishi uchun «aniq va yaqqol xato» bo'lishi kerakligi eslatib o'tildi. Shu boisdan ham hakamlar brigadasi maydondagi dastlabki qarorida qolgani haqli deb topildi. Matbuotda Iraolaning o'z futbolchilariga shunday vaziyatlarda yiqilishni o'rgatishini aytgani ham muhokama qilingan edi. Shuningdek, uchrashuvning 79-daqiqasida Noni Madueke va Aleksis Mak Allister o'rtasida yuzaga kelgan ziddiyat ham ijobiy baholandi. Mak Allister Martin O'degardga nisbatan qo'pollik ishlatganidan keyin futbolchilar o'rtasida tortishuv kelib chiqqan, Madueke va Mak Allister bir-biriga yuzma-yuz kelib, bosh urishtirib yuborgandi. Shundan so'ng Mak Allister jiddiy jarohat olgandek yerga yiqildi. Endi Madli bu vaziyatda Mak Allisterga sariq kartochka ko'rsatdi, biroq Maduekni jazolamadi. VAR esa bu epizodda yaqqol qizil kartochka yo'qligi sababli aralashmadi. Kris Foy Madlining ushbu vaziyatni o'ta xotirjamlik va professional tarzda boshqarganini olqishlab, uning harakati mutaxassislar tomonidan haqli ravishda yuqori baholanganini ta'kidladi. Maqolada shuningdek,turning boshqa o'yinlaridagi hakamlik qarorlari ham tahlil qilindi. Xususan, «Kristal Pelas» hujumchisi Jan-Filip Mateta «Tottenhem»ga qarshi bahsda Mikki van de Venga nisbatan qo'pol o'ynagani uchun VAR aralashuvi bilan sariq kartochkasi qizilga almashtirilgani to'g'ri qaror bo'lgani qayd etildi. Matetaning to'pga emas, to'g'ridan-to'g'ri oyog'ining tag qismi bilan raqibning axill payiga zarba bergani xavfli o'yin sifatida baholandi. Bundan tashqari, «Aston Villa» — «Fulhem» uchrashuvida Sander Berge qo'g'li bilan to'pga tekkani uchun belgilangan penalti, shuningdek, «Chelsi» va «Manchester Yunayted» bahsida Lisandro Martinesning qo'polligi uchun ikkinchi sariq kartochka olib maydondan chetlatilgani ham haqqoniy ekani ta'kidlandi. Shuningdek, «Stemford Brij»da o'yin davomida yarim avtomatlashtirilgan ofsayd texnologiyasi yordamida ikkita gol bekor qilingani ham tizimning to'g'ri ishlaganini ko'rsatdi. Umuman olganda, ushbu tur APLda VAR uchun eng gavjum turlardan biri bo'lib, to'qqizta o'yin davomida yettita qaror o'zgartirilgan edi. Shunga qaramay, hakamlar jamoasi barcha vaziyatlarni tezkor va silliq hal qilishga muvaffaq bo'ldi.