Sky Sports nashrining ma'lum qilishicha, «Arsenal» yetakchisi Deklan Rays klub bilan yangi uzoq muddatli shartnoma shartlari bo'yicha og'zaki kelishuvga erishdi. Tomonlar o'rtasidagi muzokaralar bir necha oydan beri davom etib kelayotgan edi. Amaldagi shartnomaning yakunlanishiga 18 oydan ko'proq vaqt qolganiga va londonliklarda yana bir yilga uzaytirish bandi mavjudligiga qaramay, klub o'zining asosiy futbolchilaridan birini uzoq muddatga saqlab qolishga qaror qildi. Yangi kelishuvga ko'ra, 27 yoshli yarim himoyachining maoshi «Emireyts» stadionidagi eng ko'p maosh oluvchi futbolchi — Bukayo Saka darajasiga tenglashtiriladi. Deklan Rays 2023 yilda klub rekordidagi summa — 105 million funt sterling evaziga «Vest Xem»dan «Arsenal»ga ko'chib o'tgan edi. U o'tgan mavsumda jamoaning Premyer-liga chempionligini qo'lga kiritishida muhim rol o'ynab, mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi. Shuningdek, u Mikel Arteta tuzgan yetakchilar guruhining asosiy qismiga aylanib, murabbiy o'z loyihasini aynan uning atrofida qurgani ta'kidlanmoqda. Yangi shartnoma futbolchining faoliyatini 30 yoshlarining boshigacha London klubida davom ettirishini ta'minlaydi. Angliya terma jamoasining Millatlar ligasidagi so'nggi o'yini oldidan so'z olgan Rays kelishuv haqida shunday degandi: «Men doimo o'z oldimga maqsad qo'yib, ko'proq narsaga intiladigan o'yinchiman. O'zim o'ynayotgan klublarda doim barqaror bo'lganman. Umid qilamanki, yangi shartnoma yaqin kelajakda rasmiylashadi». Shu bilan birге, «Arsenal» tarkibidagi boshqa bir muhim figura — sardor Martin Edegorning kelajagi bo'yicha ham malumotlar berildi. Hozircha uning shartnomasi Raysnikidek muddatga ega bo'lishiga qaramay, tomonlar hali yangi bitim bo'yicha muzokaralarni boshlamagani ma'lum qilindi. Norvegiya terma jamoasi safida bo'lgan Edegor bu borada shoshilmayotganini, klubda o'zini baxtli his qilishini va u yerda uzoq vaqt qolishni istashini ta'kidlab o'tdi.