DAZN kompaniyasi FIFA bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlagan holda, 2029 yilda o'tkaziladigan navbatdagi erkaklar o'rtasidagi Klublar o'rtasidagi jahon chempionatining global striming huquqlari bo'yicha eksklyuziv kelishuvga erishdi. Saudiya Arabistoni tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan mazkur striming kompaniyasi o'tgan yili AQShda tashkil etilgan 32 ta jamoa ishtirokidagi ilk musobaqa oldidan FIFAga yordamga kelib, translyatsiya huquqlari uchun 1 milliard dollar to'lashga rozi bo'lgan edi. O'shanda boshqa ko'plab an'anaviy telekanallar va striming platformalari tenderda qatnashishdan bosh tortgandi. Eslatib o'tamiz, Apple kompaniyasi ham 2025 yilgi global striming bo'yicha FIFA bilan muzokaralar olib borgan, biroq qiymat borasidagi kelishmovchiliklar sababli muzokaradan chiqqan edi. Shundan so'ng FIFA huquqlarni mintaqaviy asosda sotishga urinib ko'rgan, ammo bu urinishlar natija bermagan. Saudiyaning Surj Sports Investment guruhi tomonidan DAZN aksiyalarining 10 foizi sotib olinishi kompaniyaning kutilmagan so'nggi taklifini ta'minlab berdi va amalda FIFAning 1 milliard dollarlik mukofot jamg'armasini moliyalashtirdi. Mazkur musobaqada g'olib chiqqan «Chelsi» taxminan 114 million dollar mukofot pulini qo'lga kiritgandi. DAZN 300 milliondan ortiq obunachisiga qaramay, moliyaviy jihatdan zararda ishlayotgan biznes hisoblanadi. 2025 yilgi hisobotlarga ko'ra, kompaniyaning operatsion zarari avvalgi 12 oy ichida 772,9 million dollardan 939,8 million dollarga oshgan. Shunga qaramay, kompaniya translyatsiya huquqlariga yirik miqdorda sarmoya kiritishda davom etmoqda. Yangi kelishuvning aniq qiymat miqdori yoki uning qachon amalga oshishi sir saqlanmoqda, biroq bu FIFAga kengaytirilgan musobaqaning ikkinchi mavsumi oldidan biroz nafas olish imkonini beradi. 2029 yilgi musobaqani rejalashtirish jarayoni qiyin kechmoqda. Hozircha FIFA va klublar o'rtasida ishtirokchilar sonini 48 taga yetkazish borasida uzoq yillardan beri muhokamalar olib borilayotganiga qaramay, stadionlar, format yoki turnir ko'lami bo'yicha hech qanday aniq qaror qabul qilingani yo'q. Klublar o'rtasidagi jahon chempionati masalasi Janni Infantinoning Jahon chempionatini sotish bo'yicha bekor qilingan taklifidan keyingi kelishmovchiliklar qurboni bo'ldi. Bu holat Yevropa futbol klublari assotsiatsiyasi (EFC) tomonidan qo'llab-quvvatlashni to'xtatish tahdidiga sabab bo'lgandi. Shuningdek, EFC FIFAga yo'llagan maktubida 2025 yilgi musobaqadan keyin klublarga berilishi kerak bo'lgan 250 million dollar birdamlik pulining bir yildan ortiq vaqt davomida kechiktirilganidan jiddiy noroziligini bildirgan edi. Ma'lumotlarga ko'ra, EFC va FIFA o'rtasidagi munosabatlar Infantinoning rejalari bekor qilingach yaxshilangan. Biroq tomonlar Klublar o'rtasidagi jahon chempionatining tijoriy faoliyatini boshqarish bo'yicha qo'shma korxona tafsilotlarini hali to'liq kelishib olishmagan va bu masala mart oyidagi FIFA prezidenti saylovidan keyingiga qoldirilishi mumkin. Agar Janni Infantino qayta saylansa, 2030 yilgi Jahon chempionati mezbonlaridan biri bo'lgan Marokash 2029 yilgi musobaqani qabul qilish uchun asosiy da'vogarga aylanadi. Bunga uning qirol Muhammad VI bilan yaqin munosabatlari sabab sifatida ko'rsatilmoqda. Shuningdek, Marokash va Ispaniya qo'shma mezbonlik qilishi ham ehtimoldan xoli emas.