Angliya Chempionshipida Skott Parkerning «Vest Xem» bosh murabbiyi sifatidagi qaytishi kutilganidek og'riqli boshlanishiga bir bahya qoldi, biroq jamoa 0:3 hisobidan ajoyib kambek namoyish etib, ochko olishga muvaffaq bo'ldi. London klubining yangi ustozi o'yinning birinchi bo'limida «Kardiff» yarim himoyachisi Jek Moylan het-trik qayd etganining guvohi bo'ldi, biroq tanaffusdan keyingi shiddatli javob o'yin oxiriga borib Maks Kilmanning goli evaziga 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Eslatib o'tamiz, Skott Parker chorshanba kuni ertalab «Vest Xem» bosh murabbiyi etib tasdiqlangan edi. U seshanba kuni iste'foga chiqarilgan Nuno Espirito Santoning o'rnini egallagan bo'lib, klubning sobiq yarim himoyachisi bilan ikki yarim yillik shartnoma imzolangandi. «Kardiff Siti» stadionida o'tgan uchrashuvning 11-minutidayoq Jek Moylan uchrashuv hisobini ochdi. U jarima maydonchasi tashqarisidan bergan kuchli zarbasi bilan mehmonlar darvozaboni Mads Hermansenni ojiz qoldirdi. Shundan so'ng Moylan o'ziga nisbatan ishlatilgan qoida uchun penaltini ham o'zi aniq amalga oshirib, 37-minutda hisobni 2:0 ga yetkazdi. Birinchi bo'lim yakunlanishiga ikki daqiqa qolganida Uill Fish burchak to'pidan uzatilgan to'pni darvozaga yo'naltirmoqchi bo'ldi, biroq to'p so'nggi bo'lib Moylanga tegdi va u o'zining uchinchi golini rasmiylashtirib, hisobni yirik ko'rinishga keltirdi. Tanaffusdan keyin maydonda butunlay boshqa o'yin namoyish etildi. Divine Mukasa 58-minutda Jarrod Bovenning ajoyib uzatmasidan so'ng farqni qisqartirdi. Ko'p o'tmay, Arne Engels raqib himoyasidagi xatodan unumli foydalanib, hisobni 3:2 gacha qisqartirdi. O'yin yakuniga 8 daqiqa qolganida, ya'ni 82-minutda Bovenning o'ng qanotdan jarima maydonchasiga yetkazib bergan xavfli uzatmasini markaziy himoyachi Maks Kilman yaqin masofadan darvozaga kiritib, muvozanatni tikladi va jamoasiga muhim durang keltirdi. Turnir doirasidagi boshqa uchrashuvlarda esa peshqadam «Midlsbro» safarda «Rekshem»ga 0:2 hisobida mag'lub bo'ldi. Meydon egalari 70-minutda Jorj Tomasonning zarbasi evaziga oldinga o'tib olishdi, 84-minutda esa Oli Ratbon yakuniy nuqtani qo'ydi. Shuningdek, «Bristol Siti» va «Vulverxempton» o'rtasidagi bahsda "bo'rilar" irodali g'alabani tantana qilishdi. Skott Tveynning jarima zarbasidan urgan goliga Nyukasldan ijara asosida o'ynagan Shon Niv zaxiradan maydonga tushib, 82 va 89-minutlarda kiritgan ikkita goli bilan javob berdi va mehmonlarga 2:1 hisobidagi zafarni taqdim etdi.