Angliya Chempionshipining navbatdagi turida qiziqarli va kutilmagan natija qayd etildi. Musobaqa jadvalini boshqarib kelayotgan «Midlsbro» safarda «Rekshem» mehmoni bo'lib, mavsumdagi ikkinchi mag'lubiyatiga uchradi. Meyd egalari bu g'alaba evaziga bosh murabbiy Fil Parkinsonning boshiga tushgan bosimni biroz yumshatishga muvaffaq bo'lishdi. Uchrashuvdan oldin «Midlsbro» chempionatda 11 ta o'yindan iborat mag'lubiyatsiz seriya bilan kelgandi. Biroq jamoaning asosiy to'purari Uill Lankshirning jarohat tufayli safdan chiqqani mehmonlarning hujum chizig'iga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Uning mavsumdagi 15 ta goli «Rekshem»ning o'yin oldidan kiritgan umumiy to'plari soniga teng edi. Shu bois peshqadamlar maydonda yetarlicha xavfli vaziyatlar yaratishda qiynalishdi. Birinchi bo'limda darvozalar ishg'ol etilmadi. «Midlsbro» safida Kayl Jozef va Katta Britten kabi futbolchilar gol urishga harakat qilishgan bo'lsa-da, ularning zarbalari samarasiz yakunlandi. «Rekshem» esa asta-sekin o'yinga kirishib, bo'lim oxiriga kelib ancha xavfli ko'rina boshladi. Ikkinchi bo'lim boshida mezbonlar faollikni oshirishdi. Garchi Lyuis O'Brayanning goli ofsayd sabab bekor qilingan bo'lsa-da, «Rekshem» baribir o'z maqsadiga erishdi. 71-daqiqada Jorj Tomason jarima maydoni tashqarisidan yo'llagan kuchli zarbasi bilan hisobni ochdi. O'yin oxiriga kelib «Midlsbro» vaziyatni o'nglashga urinib ko'rdi, biroq himoyadagi xatolar va omadsizlik ularga pand berdi. 84-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Olli Retbon Lyuis O'Brayanning uzatmasidan so'ng bosh bilan gol urib, uchrashuv nuqtasini qo'ydi. Ushbu mag'lubiyatdan keyin «Midlsbro» chempionatdagi peshqadamligini saqlab qolgan bo'lsa-da, jamoaning hujumdagi muammolari yaqqol ko'rindi. «Rekshem» esa muhim uch ochkoni qo'lga kiritib, quyi divizion zonasidan uzoqlashish uchun muhim qadam tashladi.