UEFA Chempionlar ligasining navbatdagi turida «Real Madrid» Gretsiyada «AEK Athens» mehmoni bo'lib, o'ta shiddatli va murosasiz kechgan bahsda irodali g'alabani tantana qildi. Uchrashuv mezbonlarning faol harakatlari bilan boshlanib, 12-daqiqadayoq Abubakari Koyta hisobni ochdi. Shundan so'ng tashabbusni qo'lga olgan madridliklar 20 daqiqa o'tib Jude Bellingemning chiroyli goli evaziga muvozanatni tiklashdi. Ikkinchi bo'lim oxirlariga kelib, uchrashuv yanada qizg'in tus oldi. Bellashuv yakunlanishiga 15 daqiqa qolgan bir paytda Stavros Pilios mezbonlarni yana oldinga olib chiqdi. Biroq «Real Madrid» qiyin vaziyatlarda xarakter ko'rsatishga odatlanganini yana bir bor isbotladi: oradan atigi uch daqiqa o'taturib, Kilian Mbappe hisobni tenglashtirdi. Asosiy vaqtga qo'shib berilgan ikkinchi daqiqada esa jamoa sardori Federiko Valverde uzoqdan bergan kuchli zarbasi bilan g'alaba to'pini kiritib, madridliklarga navbatdagi dramatik comeback'ni taqdim etdi. Ushbu o'yin yosh yulduz Jude Bellingem uchun bir qator tarixiy rekordlar o'rnatilgan oqshomga aylandi. Bellingem 23 yoshu 128 kunligida Chempionlar ligasida 60 ta uchrashuv o'tkazgan turnir tarixidagi eng yosh futbolchiga aylandi. U bu ko'rsatkich bo'yicha 2004 yilda 23 yoshu 167 kunlik bo'lgan «Real Madrid»ning sobiq darvozaboni Iker Kasillasni ortda qoldirdi. Shuningdek, angliyalik yarim himoyachi Chempionlar ligasining ketma-ket yettita mavsumida gol urgan eng yosh o'yinchi rekordini ham yangiladi. Bungacha ushbu rekord 2022/23 yilgi mavsumda 23 yoshu 260 kunlik bo'lgan Kilian Mbappega tegishli edi.
Chempionlar ligasi: «Real Madrid» Gretsiyada irodali g'alabaga erishdi

UEFA Chempionlar ligasi doirasida o'tgan dramatik uchrashuvda «Real Madrid» safarda «AEK Athens»ni 3:2 hisobida taslim etdi. Asosiy vaqtga qo'shib berilgan daqiqalarda Federiko Valverde kiritgan g'alaba to'pi qirollik klubiga navbatdagi uch ochkoni taqdim etdi.
Manba: ESPN