EFL Chempionship doirasida kechgan navbatdagi tur o'yinlari ko'plab qiziqarli natijalarga boy bo'ldi. Jumladan, «Stok Siti» safarda «Portsmut» ustidan irodali g'alabaga erishib, vaqtincha turnir jadvalining birinchi pog'onasiga ko'tarilib oldi. Fratton Park stadionida kechgan bahsda mezbonlar safida Tayeris Sheyd o'yin boshida chiroyli zarba bilan hisobni ochgan edi. Ammo Mark Robins shogirdlari ikkinchi bo'limda o'yin natijasini o'zgartira olishdi. Jek Makglinn darvozabon xatosidan keyin hisobni tenglashtirgan bo'lsa, Ben Uilmot o'yin tugashiga 13 daqiqa qolganida g'alaba golini kiritdi. Bu «Stok Siti»ning safardagi ketma-ket beshinchi g'alabasi bo'ldi. Shuningdek, «Rekshem» o'z maydonida «Vulverhempton» bilan 1:1 hisobida durang o'ynab, mehmonlarni peshqadamlikdan mahrum qildi. Adam Armstrongning golidan keyin oldinga chiqib olgan «bo'rilar» ustunligini saqlab qola olmadi. Lyuis O'Brayen mavsumdagi ilk golini urib, Fil Parkinson jamoasiga muhim ochkoni taqdim etdi. Ushbu uchrashuvni klub egalari Rayan Reynolds va Rob Makelhenni ham tribunadan kuzatib borishdi. Ushbu natija evaziga «Vulverhempton» o'zining mag'lubiyatsiz seriyasini oltita o'yinga yetkazdi. «Norvich Siti» esa safarda «Bristol Siti»ni 5:0 hisobida ezib tashladi va raqib muxlislarining qattiq g'azabiga sabab bo'ldi. O'yin davomida Pari Magoma, Harry Darling, Andre Bruks, Jovon Makama va penaltidan unumli foydalangan Matias Kvistgorden o'z nomlarini tablodagi hisobga yozdirib qo'yishdi. Mag'lubiyatdan qattiq norozi bo'lgan mezbonlar ishqibozlari bosh murabbiy Maykl Skubalaning iste'fosini talab qilib, o'yin davomida qichqiriqlar qilishdi. Joriy mavsumda «Bristol Siti» o'z maydonida beshinchi bor mag'lubiyatga uchradi. Avvalroq, juma oqshomida o'tgan bahsda «Derbi» o'z uyida «Bolton»ni 3:1 hisobida taslim etib, joriy mavsumdagi o'zining ilk uy g'alabasini qo'lga kiritgan edi. Ruben Rodrigesning tanaffus oldidan urgan goliga mezbonlar ikkinchi bo'limda Rayan Nyambe, Jek Robinson hamda Rian Bryusterning gollari bilan javob qaytarishdi. Bosh murabbiy Jon Estas tanaffus vaqtida futbolchilarning o'zaro suhbati va ko'rsatgan jasorati o'yin taqdirini o'zgartirganini alohida ta'kidlab o'tdi.