Maurisio Pochettinoning «Manchester Yunayted» klubiga bosh murabbiy etib tayinlanishi ehtimoli haftaning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Aslida, bu klub doimo Pochettino nomzodiga yaqin turib kelgani va yillar davomida bu haqda mish-mishlar to'xtamagani sir emas. Oldinda turgan ehtimoliy hamkorlik ikki tomonlama sinov va qayta boshlash imkoniyati sifatida baholanmoqda. 54 yoshli argentinalik mutaxassis «Pari Sen-Zermen», «Chelsi» va Deniel Levi davridagi «Tottenhem»da ishlagan davrida ko'plab og'ir sinovlarni boshdan kechirdi. Xabarlarga ko'ra, yulduzli futbolchilarning injiqliklari va klublardagi boshqaruv muammolari murabbiyning ruhiyatiga o'z ta'sirini o'tkazgan. Endilikda u inqiroz girdobidagi «Old Trafford»ga kelishi mutaxassislar tomonidan jiddiy qadam sifatida qarolmoqda. «Manchester Yunayted» so'nggi 10 yil ichida bor-yo'g'i ikkita yirik sovrinni qo'lga kiritdi va doimiy ravishda murabbiylarni almashtirib kelmoqda. Biroq muammo faqat murabbiylarda emas, balki yuqori rahbariyatning xatolarida ekanligi bot-bot ta'kidlanmoqda. Shunga qaramay, Pochettinoning foydasiga ishlaydigan ba'zi omillar ham mavjud. Birinchidan, uning «Tottenhem»dagi eng yorqin davri muxlislar yodida saqlanib qolgan. Uning jamoasi namoyish etgan shiddatli, tinimsiz yugurishga asoslangan va hissiyotlarga boy o'yin uslubi «Manchester Yunayted»ga yetishmayotgan xususiyatdir. Hozirgi kunda jamoa muxlislari shunchaki maydonda qandaydir emotsiya va jonlanish ko'rishni istamoqda. Ikkinchidan, bu ikki tomonlama «qutqaruv halqasi» bo'lishi mumkin. Buzilgan klub va o'zining eng yuqori cho'qqisidan biroz pastlagan murabbiyning uchrashuvi yangi sahna ochishi kutilmoqda. Pochettino o'z vaqtida «Tottenhem»da o'ta energiyali jamoa qurgan bo'lsa-da, rahbariyatdan kerakli yordamni ololmagani sababli loyiha oxiriga yetmagan edi. Hozirgi kunda «Manchester Yunayted» Premyer-liga turnir jadvalining quyi qismida bormoqda va tarkib tartibsiz holatda. Shunga qaramay, Pochettinoning an'anaviy 4-2-3-1 taktikasi va yuqori pressing uslubi ba'zi futbolchilarga mos kelishi mumkin. Xususan, Kobbi Mainu, Karlos Baleba va Andrey Santos kabi yosh va harakatchan futbolchilar bu uslubda o'zlarini ko'rsatish imkoniyatiga ega. Shuningdek, Matheus Cunha va Bryan Mbeumo kabi o'yinchilardan maydonda tinimsiz mehnat qilish talab etiladi, bu esa murabbiyning talablariga mos keladi. Himoya chizig'ida esa tezkorlik va yuqori chiziqda o'ynash talab etilishi Harry Maguiredan foydalanishni qiyinlashtirishi mumkin. Bruno Fernandeshdan ham ko'proq intizom va kamroq tavakkal talab qilinishi kutilmoqda. Umuman olganda, Pochettinoning «Manchester Yunayted»ga kelishi hech qanday sehrli yechim yoki muammolarni bir zumda hal qiladigan dori emas. Ammo bu qadam klubga yangi nafas olib kelishi va har ikki tomon o'zini qayta kashf etishi uchun so'nggi imkoniyatlardan biri bo'lishi mumkin.