«Manchester Yunayted» sardori Bruno Fernandesh klub taklif qilgan yangi shartnomani ikkinchi bor rad etdi. Futbolchining joriy kelishuvi joriy mavsum yakunida o'z nihoyasiga yetadi va u yanvar oyidan boshlab xorijiy klublar bilan erkin transfer muzokaralarini boshlashi mumkin. Klubning ilk taklifi yozda muzokaralar boshlangan paytda rad etilgan edi. Shunga qaramay, «qizil iblislar» 32 yoshli futbolchining Old Trafforddagi faoliyatini yana bir yilga uzaytirish imkoniyatiga ega. Bu band klubga yanvar oyida Fernandeshning xorijiy jamoalar bilan erkin agent sifatida gaplashishining oldini olish imkonini beradi. Eslatib o'tamiz, o'tgan mavsumda unga Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi tomonidan jiddiy qiziqish bildirilgandi. Klub rahbariyat va sardor o'rtasidagi muzokaralar davom etishini kutmoqda, chunki «Manchester Yunayted» o'z yetakchisini jamoada olib qolishni istashini ochiq bildirgan. Bruno Fernandesh o'tgan mavsumda Premyer-ligada 21 ta golli uzatma amalga oshirib, rekord o'rnatgan va avgust oyida PFA talqini bo'yicha mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi. Shuningdek, juma kuni Maurisio Pochettinoning «Manchester Yunayted»ning yangi bosh murabbiyi etib e'lon qilinishi kutilmoqda. Qizig'i shundaki, Fernandesh 2019 yilda «Tottenhem»ni boshqargan vaqtida argentinalik mutaxassis qo'stiga o'tishga yaqin kelganini, biroq o'shanda «Sporting» transferga qarshilik qilganini tan olgandi.