«Brombli» jamoasining 31 yoshli himoyachisi Umar Sovunmi professional futbolchilik faoliyati bilan bir qatorda model sifatida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Tasodifan modellashtirish agentligi xodimiga yo'liqqan futbolchi vaqt o'tishi bilan Milan va Parij moda haftaliklarida qatnashish darajasiga yetdi. U Burberry brendi uchun podiumga chiqqanida mashhur reper Kanye Uest bilan ham uchrashganini faxr bilan eslaydi. Bo'yi 1,98 metr bo'lgan tajribali himoyachi o'zining ikki tomonlama faoliyati haqida gapirar ekan, modellashtirish qanchalik qiziqarli bo'lmasin, uning uchun asosiy ustuvor vazifa har doim futbol ekanini ta'kidladi. Sovunmi nemis brendlari yoki boshqa xorijiy takliflarni futbol tufayli rad etishga majbur bo'lgan holatlari ko'p bo'lganini aytdi. Sovunmi o'zining professional futbolchilik faoliyatini «Ipsvich» klubida boshlagan va keyinchalik «Yeovil», «Kolchester» hamda ikki marta «Brombli» hamda «Sutton» safida to'p surgan. U pastki ligalardagi og'ir sharoitlar va uzoq safarlarga qaramamay, ikkala sohada ham o'z o'rnini topishga muvaffaq bo'lgan. Futbolchi ijtimoiy tarmoqlardan nafaqat fotossessiyalarini namoyish etish, balki professional futbolchining kundalik mashaqqatli hayotini ko'rsatish uchun ham foydalanadi. Uning fikricha, muxlislar 90 daqiqalik o'yinni ko'rishadi-yu, lekin jamoaning uzoq safarlari, mehmonxonadagi tayyorgarlik mashg'ulotlari, tozalash va tiklanish jarayonlarini ko'rishmaydi. O'tgan mavsumda «Brombli» o'z tarixida ilk bor uchinchi divizionga yo'llanma olgan edi. Biroq bu sakrash jamoa uchun qiyin kechmoqda va natijada tajribali murabbiy Endi Vudman o'z lavozimini tark etdi. Hozirda Karl Robinson boshchiligida harakat qilayotgan jamoa Liga 1 da qolish uchun jiddiy kurash olib bormoqda. Shuningdek, Umar Sovunmi ruhiy salomatlik masalalariga ham e'tibor qaratib, bu mavzuda o'zining yaqin do'stini yo'qotgani haqidagi achchiq xotiralari bilan bo'lishdi. U odamlarga yordam berish va ularni o'z muammolari haqida gapirishdan qo'rqmaslikka chaqirish eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta'kidladi.