Braziliyadagi U-20 yoshlar chempionati doirasida o'tgan o'yin jahon futboli tarixiga kirishga ulgurdi. Minas-Gerrays shtati chempionatining yarim final ilk uchrashuvida «Uberlandia» hamda «Mamore» jamoalari o'zaro to'qnash kelishdi. O'yin davomida kelib chiqqan qattiq tartibsizliklar va ommaviy mushtlashuv sababli hakam Fernando Patrik Droshgich Modesto rekord darajadagi ko'plab qizil kartochkalarni ishlatishga majbur bo'ldi. Rasmiy bayonotlarga ko'ra, uchrashuv davomida jami 43 nafar futbolchi va murabbiylar shtabining 8 nafar xodimi maydondan chetlatilgan. Ushbu ko'rsatkich jahon futboli tarixidagi mutlaq rekord hisoblanadi. Bunday holat bo'yicha oldingi rekord 2011 yilda Argentinaning beshinchi divizionidagi «Klub Atletiko Klaypole» hamda «Viktoriano Arenas» jamoalari o'rtasidagi o'yinda qayd etilgan bo'lib, o'shanda 36 ta qizil kartochka ko'rsatilgandi. MOJARO QANDAY BOSHLANGAN EDI? Braziliya matbuotining xabar berishicha, mojaroga «Mamore» futbolchisi Davining xatti-harakatlari sabab bo'lgan. Mehmonlar ikkinchi bo'limda hisobni 3:1 ko'rinishiga keltirib qo'yishgandan so'ng, futbolchi raqiblar zaxira o'rindig'i oldiga borib g'alabani qo'pol tarzda nishonlagan va raqiblarni masxara qilgan. Shundan so'ng «Uberlandia» darvozabonlar murabbiyi Paulo Serxio Dias Dos Santos maydonga yugurib chiqib, raqib futbolchisiga e'tiroz bildirgan. Bu holat jamoalar o'rtasida ommaviy mushtlashuv keltirib chiqarib, o'yin qizib ketishiga sabab bo'lgan. Aslida ushbu to'qnashuvga qadar ham o'yinda uch nafar futbolchi qizil kartochka olib bo'lgandi. STADIONGA ZARAR YETKAZILDI VA POLISIYA ARalashdi «O Tempo» nashrining yozishicha, tartibsizliklar shu darajada avj olganki, «Parque do Sabia» stadioni binosi jiddiy zarar ko'rgan. Xususan, stadiondagi 14 ta eshik sindirib tashlangan, dush xonalari, derazalar, shuningdek, zaxira o'rindiqlari, stollar va stullar vayron qilingan. Vaziyat nazoratdan chiqqach, stadionga harbiy polisiyani chaqirishga to'g'ri kelgan. Hakam o'yinni taxminan 40 daqiqaga to'xtatib turgan, biroq vaziyat yumshamagach, uchrashuvni davom ettirib bo'lmasligini tushunib, bahsni to'xtatib qo'ygan. FAIR-PLAY VA KEYINGI TAQDIR Ushbu voqeadan so'ng «Uberlandia» klubi javob o'yinidan voz kechganini rasman tasdiqladi. Bunga asosiy sabab sifatida «Mamore» jamoasida qizil kartochkalar tufayli atigi yettita sog'lom futbolchi qolgani ko'rsatildi. Klub rahbariyati bu qarorini «fair-play» (halol o'yin) tamoyiliga hurmat belgisi sifatida izohlagan. Natijada «Mamore» avtomatik ravishda finalga yo'l olgan bo'lsa, «Uberlandia» uchinchi o'rin uchun kechadigan bahsga tayyorgarlik ko'rishga majbur bo'ldi.
Braziliyadagi yoshlar o'yinida jahon rekordi o'rnatildi: bir uchrashuvda 51 ta qizil kartochka ko'rsatildi

Braziliyadagi U-20 chempionati yarim final bahsida ommaviy mushtlashuv kelib chiqdi. Hakam tartibsizliklar tufayli nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar shtabi a'zolariga ham qizil kartochka ko'rsatdi. Oqibatda jami 51 nafar shaxs maydondan chetlatilib, jahon rekordi yanglandi.
Manba: BBC Sport